Toshkent 100 kilometrlik pullik yo'l qurishni rejalashtirmoqda

Toshkent 100 kilometrlik pullik yo'l qurishni rejalashtirmoqda

Toshkent 100 kilometrlik pullik yo'l qurishni rejalashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Xalq Respublikasiga rasmiy tashrif doirasida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov boshchiligidagi shahar hokimligi delegatsiyasi “China Railway Construction Corporation” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida tomonlar Toshkent shahrini kompleks renovatsiya qilish, shahar infratuzilmasini modernizatsiyalash hamda shaharsozlik va ekologiya sohalariga zamonaviy yechimlarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

🇺🇿Toshkent shahar hokimi kompaniyaga renovatsiya hududlaridagi loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, zamonaviy ekologik standartlar va texnologiyalarni qo‘llagan holda qurilish va maishiy chiqindilarni qayta ishlaydigan ixtisoslashtirilgan poligon qurishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda poytaxt transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Toshkent shahrida qo'shimcha pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihalarini, jumladan, uzunligi qariyb 100 kilometr bo‘lgan halqa pulli yo‘lini hamda kelgusi yillarda qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport yo‘nalishida shaharning markaziy qismidan o‘tuvchi yangi pulli magistral qurilishini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.

Shuningdek, muzokaralar doirasida “China Railway Construction Corporation” kompaniyasining tajriba va salohiyatini jalb qilgan holda ijtimoiy infratuzilma obyektlari, jumladan, zamonaviy maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar qurish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kompaniya vakillari taqdim etilgan tashabbuslarni o‘rganishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, Toshkent shahar hokimligi bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling