O‘zbekistonda 10 iyun kuni navbatdagi «Avtomobilsiz kun» o‘tkaziladi
O‘zbekistonda 10 iyun kuni navbatdagi «Avtomobilsiz kun» o‘tkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 10 iyun kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan umummilliy «Toza havo» loyihasi doirasida navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi.
Aksiya O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq tashkil etilmoqda. Hujjatga ko‘ra, joriy yilning 1 mayidan boshlab har oyda ikki marta — 10 va 25 sanalarida «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
Belgilangan talablarga muvofiq, aksiya o‘tkaziladigan kunlarda davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Shu bilan birga, tadbir ish kuniga to‘g‘ri kelgan hollarda haydovchilarning ish haqi to‘liq saqlab qolinadi.
Hokimiyat vakillari taʼkidlashicha, mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, jamoat transporti va ekologik toza harakatlanish vositalaridan foydalanish madaniyatini rivojlantirish, shuningdek, yana-da qulay ekologik muhitni shakllantirishga qaratilgan.
Aksiyani muvofiqlashtirish maqsadida Maxsus komissiyaning alohida bayonnomasi qabul qilingan. Unga muvofiq, aksiya kunlarida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat transportidan foydalanish xizmat odobi va xulq-atvor qoidalarining buzilishi sifatida baholanadi. Belgilangan talablarga rioya etmaslik intizomiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, Maxsus komissiya transport vositalari harakatini cheklash vakolatiga ega. Uning qarorlari davlat organlari, tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Aksiya doirasida aholining ekologik madaniyatini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari, jamoatchilik aksiyalari va ommaviy sayrlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Davlat organlari, taʼlim muassasalari va fuqarolar mamlakatdagi ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqirildi.