Narbaeva Parlamentlararo Ittifoq bilan parlament hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Narbaeva Parlamentlararo Ittifoq bilan parlament hamkorligini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jeneva shahrida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Martin Chungong O‘zbekistonni Parlamentlararo ittifoqning eng faol, tashabbuskor va ishonchli hamkorlaridan biri sifatida eʼtirof etib, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, parlament faoliyatining ochiqligi va xalqaro maydonda ilgari surayotgan tashabbuslarini yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida Buxoro va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro forumlar, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonda shakllangan samarali tajriba xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilayotgani alohida qayd etildi.
Shu o‘rinda, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Yosh parlament aʼzolarining Global konferensiyasiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan fikr almashildi hamda mazkur nufuzli anjumanning ahamiyati taʼkidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni izchil davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladi.