Namanganda FVV bir yoshli bolani qutqarib qoldi
Namanganda FVV bir yoshli bolani qutqarib qoldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatining Uychi tumanida O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ko‘cha hojatxonasining chiqindi chuquriga tushib ketgan bir yoshli bolani qutqarib qoldi. Bu haqda 22 may kuni soat 18:47 da viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan.
Idora maʼlumotiga ko‘ra, hodisa “Muborak” mahallasidagi xususiy xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Bolaning kattalar nazoratisiz qolgani aytilmoqda.
Xabar kelib tushishi bilan voqea joyiga FVV qutqaruvchilari yetib kelgan. Qutqaruvchilardan biri chuqurga tushib, bolani olib chiqqan.
Qutqaruv operatsiyasidan so‘ng jabrlangan bolaga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Keyinchalik u yaqinlariga topshirildi.
Maʼlum qilinishicha, ayni paytda bolaning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.