O'zbekiston Spring Airlines aviakompaniyasining reyslarini ishga tushirish masalasini muhokama qilmoqda

O'zbekiston Spring Airlines aviakompaniyasining reyslarini ishga tushirish masalasini muhokama qilmoqda

O'zbekiston Spring Airlines aviakompaniyasining reyslarini ishga tushirish masalasini muhokama qilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyda o‘tayotgan nufuzli “ITB China” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston turizm sohasi uchun muhim ahamiyatga ega uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov hamda Xitoyning yetakchi xususiy aviakompaniyalaridan biri — Spring Airlines rahbariyati ishtirok etdi.

Uchrashuvda kompaniya prezidenti va direktori Wang Wei, bosh ijrochi direktor Zhang Xiuzhi hamda direktorlar kengashi raisi Wang Yu qatnashdi. Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi turizm aloqalarini yanada kengaytirish, yangi avia yo‘nalishlar va tranzit imkoniyatlarini rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

2004-yilda tashkil etilgan “Spring Airlines” Xitoyning ilk xususiy loukosterlaridan biri hisoblanib, kompaniyada 10 mingdan ortiq odam xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Aviakompaniya Airbus A320 oilasiga mansub 130 dan ortiq samolyotlardan iborat parkka ega va Xitoyning o‘zida 190 dan ortiq ichki yo‘nalishlarda, 50 dan ortiq xalqaro yo‘nalishlarda muntazam qatnovlarni amalga oshiradi. 

“Spring Airlines” butun dunyo bo‘yicha eng yirik xususiy arzon aviakompaniya sifatida juda yuqori rentabellikda tez rivojlanayotgan kompaniya hisoblanadi. Kompaniya faoliyati butunlay raqamli savdo tizimiga qurilgan bo‘lib, minimal xarajatlar, samolyotning maksimal bandligi, juda aniqlikdagi sifatli qo‘shimcha xizmatlar bilan maqtana oladi.

Muzokaralar davomida xitoylik sayyohlar orasida O‘zbekistonning turistik salohiyatini faol targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma marketing loyihalarini amalga oshirish taklif etildi. Shuningdek, “Spring Travel” platformasi orqali O‘zbekistonni korporativ mijozlar uchun yangi va jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida taklif qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi. 

Eng muhim masalalardan biri sifatida Spring Airlines kompaniyasining O‘zbekistonga aviaqatnovlarni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar kelgusida Xitoy va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, turistik oqimni oshirishga xizmat qiladigan yangi avia yo‘nalishlarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdi.

Kompaniya arzon narxli aviaqatnovlar modeli asosida faoliyat yuritib, onlayn chipta sotuvi, mehmonxona bron qilish, transfer va viza xizmatlarini ham taqdim etadi. “Spring Airlines” bilan hamkorlik O‘zbekistonning Xitoy bozoridagi turistik jozibadorligini yanada oshirish va mamlakatga keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling