Valyuta kurslari 25/11/2024
$1 – 12829.07
UZS – -0,12%
€1 – 13344.80
UZS – -1,21%
₽1 – 124.91
UZS – -1,92%
Qidirish
Iqtisod 08/11/2024 Yevropa iqtisodiy kunlari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davrini ochib berdi

Yevropa iqtisodiy kunlari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning yangi davrini ochib berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va yangi ufqlarni kashf qilish maqsadida keng ko‘lamli xalqaro forum – Yevropa iqtisodiy kunlari o‘tkazildi. Mazkur tadbirda Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistonning ishbilarmon doiralari hamda davlat idoralari vakillaridan iborat 400 dan ortiq delegat ishtirok etdi. Forum doirasida ochiq muloqotlar, biznes aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 13 panel sessiyalari va davra suhbatlari va 30 dan ortiq ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning JSTga a’zoligi va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevrokomissiya Raisi Ursula fon der Lyayen forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik maktublarida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash har ikki tomon uchun ham ustuvor vazifa ekanini qayd etdilar. 

Yevropa-O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) Bosh kotibi Oybek Shayxov: “So‘nggi uch yilda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni oldingi o‘ttiz yillik bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Forumda Yevropa xususiy sektori vakillarining keng ishtiroki O‘zbekiston bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishni yana bir bor tasdiqlaydi,” – deb ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov bugungi kunda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda Yevropa kapitali ishtirokidagi mingga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Ular elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, tog‘-kon metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va turizm sohalarida faoliyat olib borib, qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Forumning muhim voqealaridan biri O‘zbekistonda Benilyuks Savdo-sanoat palatasining tantanali ochilishi bo‘lib, u ikki tomonlama biznes aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Yevropa iqtisodiy kunlari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va yangi imkoniyatlarni o‘rganishga qaratilgan keng qamrovli tashabbus sifatida o‘tkazildi. Forumning natijalari – yangi kelishuvlar, ikki tomonlama aloqalarning mustahkamlanishi va qo‘shma tashabbuslarning amalga oshirilishi o‘zaro ishonchni yanada oshirib, kelgusida faol hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

Yevropa iqtisodiy kunlari tadbiri Yevropa-O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) homiyligida OECD va ITC bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyaviy ko‘mak bilan tashkil etildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling