Yaponiya bilan hamkorlik — O‘zbekistonning raqamli rivojiga yangi qadam
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiya bilan AKT va IT ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Tokio shahrida Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi A. Sakurai boshchiligidagi delegatsiya qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif davomida ikki tomonlama loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya quyidagi tashkilot va kompaniyalar bilan muzokaralar olib bordi:
Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi (METI) bilan uchrashuvda O‘zbekistonning AKT strategiyasi taqdim etildi va 2025-yilda o‘tkaziladigan ICT Week va GameFest tadbirlarida Yaponiya ishtiroki, shuningdek IT missiyalarni O‘zbekistonga yuborish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Daiwa House – Yaponiyaning qurilish kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuvda O‘zbekistonda IT autsorsing markazini ochish va 3D texnologiyalar asosida me’moriy dizaynerlarni tayyorlash imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya o‘z vakilini mart-aprel oylarida O‘zbekistonga yuborishini ma’lum qildi.
JETRO bilan uchrashuvda Yapon kompaniyalarini O‘zbekiston IT ekotizimiga jalb qilish, ular uchun qiziqarli mavzular va forumlar tashkil qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Zeroboard – energetika va raqamli yechimlar sohasidagi startap rahbarlari bilan autsorsing markazini O‘zbekistonda ochish masalalari ko‘rib chiqildi.
JVTA (Japan Visualmedia Translation Academy) bilan kino, anime va manga tarjimasi bo‘yicha onlayn ta’lim va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
My Navi Central Europe vakillari bilan fevral oyidagi O‘zbekiston safari taassurotlari muhokama qilindi hamda aprel oyida o‘tkaziladigan autsorsing konferensiyasida O‘zbekistonning Markaziy Yevropaga nisbatan afzalliklari haqida taqdimot o‘tkazish rejalashtirildi.
Tokyo International Professional University of Technology, IGDA, va Kyoto Seika University rahbarlari bilan kreativ industriya, o‘yinlar, grafik dizayn va robototexnika bo‘yicha hamkorlik, talabalar almashinuvi va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
METI madaniyat va kreativ industriya departamenti vakillari bilan o‘yin va animatsiya bozorida O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokini oshirish va Yaponiya bilan hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
AJA (Association of Japanese Animation) bilan GameFest 2025’da yapon kompaniyalari ishtirokini ta’minlash va tijorat animatsiyasi sohasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tsukuba University bilan Cyber University loyihasini rivojlantirish va qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
MIC (Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi) bilan Yaponiya AKT kompaniyalarini ICT Week 2025 ga jalb qilish, sun’iy intellekt sohasida hamkorlik va Osaka/Kansai EXPO 2025’da O‘zbekiston ishtiroki yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Digital Knowledge kompaniyasi bilan BIM va CAD yo‘nalishlarida qo‘shma o‘quv dasturlarini yaratish, shuningdek IT Park’ning Yaponiyadagi ofisini ochish marosimini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha kelishildi.
Pole-to-Win kompaniyasi rahbarlari bilan IT Park rezidentligi va aprel oyida bo‘lib o‘tadigan autsorsing konferensiyasida ishtirok etish masalalari kelishib olindi.
IGDA raisi Sato Sho tomonidan GameFest 2025 uchun Sony, Bandai Namco kabi kompaniyalarni jalb qilish hamda Kansai/Osaka EXPO 2025’da O‘zbekiston ishtirokini ta’minlash bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
A1 Japan Ltd. va CosmoWinds bilan uchrashuvlarda O‘zbekistonda game-dev sohasini rivojlantirish, inson kapitalini kuchaytirish va xalqaro miqyosda raqobatbardosh loyihalar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu xizmat safari O‘zbekistonni xalqaro bozorda yanada faol ko‘rsatish, yoshlar uchun yuqori sifatli ta’lim imkoniyatlarini yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
ICT Week 2025 va GameFest 2025 doirasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Yaponiya kompaniyalari va universitetlari bilan loyihalar va tadbirlar rejalashtirilmoqda!