Valyuta kurslari 14/07/2025
$1 – 12615.07
UZS – -0,15%
€1 – 14754.59
UZS – -0,45%
₽1 – 162.02
UZS – -0,22%
Qidirish
Iqtisod 14/07/2025 Xorijiy va mahalliy OAV vakillari uchun Zarchob-3 GES ga press-tur tashkil etildi

Xorijiy va mahalliy OAV vakillari uchun Zarchob-3 GES ga press-tur tashkil etildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yangi O‘zbekistonda energetika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, barqaror va uzluksiz elektr energiyasini ishlab chiqarish, bu borada, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga alohida eʼtibor qaratish, xususan, gidroenergetika sohasida yangi GESlarni ishga tushirish, mavjudlarini izchil modernizatsiya qilish borasida “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan keng ko‘lamli faoliyat olib borilmoqda.

Jamiyat mamlakatimizda tabiiy suv energiyasi salohiyatidan har tomonlama oqilona va samarali foydalanmoqda.

Ana shunday istiqbolli loyihalardan biri – Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumani To‘polang daryosida qad rostlagan, 16 MVt quvvatga teng Zarchob-3 kichik GESdir.

Xabaringiz bor, ushbu GES qurilishiga muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 17 noyabrda Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida start berilgan edi. Ushbu kichik GES qurilishi qisqa davrda amalga oshirilib, 2024-2025 yillarda – qariyb 1,5 yil davomida qurilib bitkazildi.

Mahalliylashtirish doirasida, Zarchob-3 GES qurilishida deyarli aksariyat yo‘nalishlarda Jamiyatning to‘liq o‘z kuchidan foydalanildi.

12 iyul kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan mahalliy va xorijiy OAV vakillari hamda jurnalistlar uchun Zarchob-3 kichik GES obyektiga press-tur tashkil etildi.

Mazkur GES To‘polang daryosi bo‘yida qad rostlagan yirik loyihaning mantiqiy davomi bo‘lib, nafaqat Sariosiyo tumani, balki butun Surxondaryo viloyati aholisi uchun qo‘shimcha quvvat manbaini yetkazib beradi.

Hozirgi kunda Zarchob-3 kichik GES sinov-test rejimida elektr energiya ishlab chiqarmoqda.

Aytish joizki, ushbu loyiha mamlakatimiz yangi tarixida o‘ziga xos ahamiyatga ega bolib, bir daryo o‘zanidan “zanjir ketma-ketligi” asosida qayta-qayta elektr energiya olishni anglatadi. Endilikda, samaradorlik nuqtai nazaridan To‘polang daryosidan kaskad ko‘rinishidagi GESlar orqali
5-6 marotaba elektr energiya olinmoqda.

Loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida yiliga o‘rtacha
70 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa, 23 200 ta xonadon yoki qariyb 93 000 nafar aholini elektr energiyasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, yillik 19 mln metr kub gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.

Press-tur doirasida, shuningdek, Jamiyat Axborot xizmati boshchiligidagi ishtirokchilar jamoasi “To‘polang GES” filiali hamda To‘polang suv ombori faoliyati, “Zarchob-1” va “Zarchob-2” kichik GESlari, Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminoti doirasida amalga oshirilayotgan “Mega loyiha” bilan ham yaqindan tanishdilar.

Gidroenergetika sohasining izchil taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, xalqimiz farovonligini ortishiga mustahkam zamin yaratadi. Bu borada, Jamiyatimiz mahalliy va xorijiy nufuzli bosma va elektron OAV, tele- va radiokanallar, bloger va jurnalistlar jamoasi bilan izchil hamkorlikni davom ettiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling