Xokkey bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi U18 jahon chempionatida g‘olib debyut qildi va III A divizioniga yo‘l oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekistonning o'smirlar terma jamoasi oʻzining ilk U18 Jahon Chempionati (III B divizioni)da gʻalaba qozondi! Tailandda boʻlib oʻtgan turnirda yigitlarimiz ilk urinishdayoq yuqoriroq divizionga koʻtarilishdi – kelasi mavsumda U18 Jahon Chempionatida III A divizionida ishtirok etishadi.
Oʻzbekiston terma jamoasi raqiblarini ketma-ket magʻlubiyatga uchratdi: Janubiy Afrika Respublikasi (12:0), Lyuksemburg (12:1), Turkmaniston (8:2) va Bosniya va Gertsegovina (11:3). Nihoyat, 6-mart kuni hal qiluvchi bahsda Tailand jamoasi ustidan 3:2 hisobida qiyin gʻalaba qozonildi.
Oʻtgan yili bizning yigitlar Tailand terma jamoasi bilan Osiyo va Okeaniya Kubogida (Toshkent va Samarqand, aprel-2024) ikki bor toʻqnash kelishgan edi. Oʻshanda Oʻzbekiston chempion boʻlib, guruh bosqichida tailandliklarni 7:5 hisobida, finalda esa 2:1 hisobida yenggan edi. Bu safar jahon chempionatida kurash yana ham keskin kechdi. Gʻalaba keltirgan shaybani uchrashuv tugashiga 5 daqiqa qolganida Jamoamizning eng yaxshi bombardirlaridan biri – Jasurbek Rustamxonov kiritdi.
Jamoa sardori Rustamxonov 5 oʻyinda 22 ochko (14 gol + 8 assist) jamgʻarib, turnirning eng yaxshi oʻyinchisi deb topildi! Jasur, shuningdek, yosh yulduz Salohiddin Azimov oʻtgan mavsumni Chexiyada oʻtkazdi. Qolgan yigitlar esa Qozogʻiston yoshlar ligasida "Toshkent Select" jamoasi safida oʻynashdi.
Oʻzbekistonning o'smirlar terma jamoasi Toshkentning ikkita klubi – "Humo" va "Binokor" tarbiyalanuvchilaridan iborat. Ular 2018-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston Xokkey Federatsiyasining muvaffaqiyatli faoliyatining natijasidir. Bugun ular O'XFning faxri!
Bizning chempionlarimizni tayyorlagan murabbiylar shtabini alohida tilga olish lozim – Normunds Seyeys, Abdumajid Nosirov va Roman Krivomazovga tashakkur!
Juda tez orada, 2025-yil aprelda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham jahon chempionatida oʻz debyutini oʻtkazadi! Ular IV divizionda Armanistonda oʻtadigan musobaqada qatnashishadi. Tarkib tajribali oʻyinchilardan iborat boʻlsa-da, asosiy kuch bugun Bangkokda Jahon Kubogini koʻtarib turgan yigitlar boʻladi!