Xitoy–Yevropa yo'nalishida O'zbekistondan o'tuvchi yangi muqobil koridor tashkil etilda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ tomonidan mamlakatimizda konteyner tashuvlarini rivojlantirish, transport koridorlarini diversifikatsiya qilish hamda tranzit yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning may oyida Tehron shahrida Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron va Turkiya temir yo‘l ma’muriyatlari ishtirokida o‘tgan olti tomonlama uchrashuvda Xitoydan Yevropaga konteyner tashuvlarini yangi yo‘nalishlarda, Xitoy–Qozog‘iston–Turkmaniston–Eron–Turkiya hamda Xitoy–Qozog‘iston–O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–Turkiya yo‘laklari orqali tashkil etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Mazkur kelishuv doirasida yo‘nalishlar samaradorligini baholash, sinov tariqasida konteyner poyezdini yo‘lga qo‘yish va tarif imtiyozlarini muhokama qilish maqsadida 22–23 iyul kunlari Pekin shahrida CRCT kompaniyasi taklifiga binoan navbatdagi olti tomonlama uchrashuv tashkil etildi.
Ekspertlar ishtirokidagi muzokaralarda tomonlar raqobatbardosh tariflar qo‘llash, yuk oqimini oshirish, multimodal transport tizimlarini joriy etish va istiqboldagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘rishga kelishib oldilar.