Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston aviatashuvchilari soni 8 taga yetkaziladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 12 – 14-avgust kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo-Xitoy (S5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhining ikkinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Xitoy fuqaro aviatsiyasi administratsiyasi o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Muzokara davomida ikki mamlakat o‘rtasida kelishilgan aviaqatnovlar sonini 130 tagacha oshirish, O‘zbekiston aviatashuvchilari uchun ruxsat berilgan Xitoy shaharlari sonini ko‘paytirish, shuningdek, yo‘lovchi va yuk tashishda Xitoyga parvoz qilish huquqiga ega bo‘lgan O‘zbekiston aviatashuvchilari sonini 8 ta yetkazish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakuniga bo‘yicha tegishli hujjat imzolandi. Mazkur hujjat Xitoy tomoni o‘zining ichki kelishuv jarayonlarini tugatganidan so‘ng kuchga kiritilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil iyun oyida Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo-Xitoy (S5+1) fuqaro aviatsiyasi sohasida hamkorlik bo‘yicha ishchi guruhining birinchi konferensiyasida:
• O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan aviakompaniyalar soni har bir tomondan 3 tadan 6 taga (jami 12 ta) oshirish;
• O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun Xitoy hududidagi parvoz manzillari soni 9 tadan 12 taga ko‘paytirish;
• Tayinlangan aviakompaniyalarga ikki davlat o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga 30 tadan 100 taga oshirish;
• Tayinlangan aviakompaniyalarga O‘zbekiston va Xitoy hududidagi barcha manzillar orqali uchinchi davlatlarga haftasiga 21 ta qatnov bilan yuk parvozlarini amalga oshirish uchun 5-havo erkinligini berish;
• Xitoy aviakompaniyalarga O‘zbekiston hududida Samarqand va Nukus, Xitoy hududida O‘zbekiston aviakompaniyalariga Sian va Chengdu shaharlari orqali uchinchi davlatlarga har bir yo‘nalishda haftasiga 7 tadan yo‘lovchi parvozlarni amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berish;
• O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun Xitoyning Xaynan orolidagi Xaykou, Sanya hamda Syunxay Boao xalqaro aeroportlariga cheklanmagan miqdorda 3, 4, 5 va 7 havo erkinliklarida parvoz qilish, Xitoy aviakompaniyalari uchun mazkur aeroportlardan O‘zbekiston aeroportlariga cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshirish huquqini berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Mazkur kelishuvlar natijasida ikki mamlakat o‘rtasida parvozlarni amalga oshirib kelayotgan "Uzbekistan Airways", "China Southern Airlines" va "Loong Air" aviakompaniyalariga qo‘shimcha ravishda "Centrum air", "Qanot Sharq", "Air China", "China Eastern Airlines", "YTO Airlines", "North western cargo international" aviakompaniyalari parvozlari yo‘lga qo‘yilib amaldagi haftalik yo‘lovchi tashish parvozlar soni 19 tadan 61 taga, yuk tashish va tranzit parvozlari soni 72 tadan 128 taga oshirildi.
Shuningdek, Toshkentga qo‘shimcha ravishda Samarqand va Farg‘ona shaharlari, Xitoyning Pekin, Urumchi, Sian va Chengdu shaharlariga qo‘shimcha ravishda Xanchjou, Guanchjou, Shanxay, Sanya va Xaykou shaharlari aviayo‘lovchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz uchun yangi manzillar sifatida xizmat qila boshladi.
Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida haftasiga 61 ta yo‘lovchi tashish hamda 120 dan ortiq yuk tashuvi va tranzit parvozlari amalga oshirib kelinmoqda.
Yo‘lovchi tashish bo‘yicha qatnovlar:
• Toshkent – Pekin – haftasiga 17 ta (Uzbekistan Airways - 4 ta, Qanot Sharq 2 ta, China Southern Airlines - 7 ta, Air China 4ta);
•Toshkent – Urumchi haftasiga 14 ta (Uzbekistan Airways - 4 ta, China Southern Airlines 7 ta, Air China 3 ta);
•Toshkent – Xanchjou haftasiga 2 ta (Uzbekistan Airways)
•Toshkent – Guanchjou haftasiga 9 ta, (Centrum air – 4 ta, Qanot sharq – 2 ta, China Southern Airlines 3 ta)
•Sian – Toshkent haftasiga 6 ta (Loong Air – 3 , China Eastern Airlines 3 ta);
•Chengdu – Toshkent haftasiga 3 ta (Loong Air);
•Toshkent – Shanxay haftasiga 1 ta, (Qanot sharq);
•Toshkent – Sanya haftasiga 5 ta (Uzbekistan Airways, Centrum air, Qanot sharq aviakompaniyalari charter asosida).
•Farg‘ona – Urumchi haftasiga 1 ta (Uzbekistan Airways);
•Sian – Samarqand haftasiga 2 ta (Loong Air);
•Urumchi – Samarqand haftasiga 1 ta (China Southern Airlines);