Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
Moliya 20/06/2025 Xitoy Eksport-import banki bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Xitoy Eksport-import banki bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ilhomjon Umrzakov Xitoy Xalq Respublikasining Eksport-import banki raisi Chen Huaiu boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda, shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xitoy Eksimbankining bir qator mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Tomonlar dastlab “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti doirasida O‘zbekiston va Xitoy davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlar ijrosi nuqtayi nazaridan ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirish muhimligini ta’kidladi.

Muloqot davomida gidroenergetika, transport, telekommunikatsiya kabi infratuzilmaviy yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshirilayotgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.

Xitoy Eksimbanki vakillari O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi barqaror o‘rni hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlarni yuqori baholadi. “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarish sohasiga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha yangi takliflar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro moliyaviy bozorlar, investitsiya va infratuzilma rivoji hamda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash yo‘nalishlarida o‘zaro maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling