Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
Iqtisod 05/10/2024 Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Markaziy Osiyo Forumi: Fan, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishda ayollarning o‘rni

Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan Markaziy Osiyo Forumi: Fan, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanishda ayollarning o‘rni

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — So‘nggi yillarda qishloq ayollarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, hayot farovonligini oshirish, kasbga yo‘naltirish va yangi ishchi o‘rinlar yaratish, oilada va jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasida tizimli ishlar tashkil qilinishi natijasida agrar sohadagi xotin-qizlarning ham jamiyatdagi mavqei mustahkamlanib bormoqda.

Bugungi kunda sohaga malakali kadrlar yetkazib berish, ilm fanni ishlab chiqarishga integratsiyalashuvi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va ularning eksport potensialini yuksalib borishida xotin-qizlar munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Bugun Toshkentdagi Hyatt Regency mexmonxonasida Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Fan, innovatsiyalar, oziq- ovqat xavfsizligi hamda barqaror rivojlanishda
ayollarning o‘rni” deb nomlangan Markaziy Osiyo forumi bo’lib o’tmoqda. Forum Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda “Oʻzbekiston agrar soha ayollari” uyushmasi tomonidan tashkil etildi.

Tadbirni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollar turmush sharoitini yaxshilash, ularning muammolariga hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga eʼtibor qaratish, gender tengligini targ’ib qilish, qishloq joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish uchun yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar bilan tanishtirishdan iborat.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO)ning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, mamlakatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning tadbirkorlik va fermerlik sohasida munosib ishtirokini taʼminlash, isteʼdodlarini roʻyobga chiqarish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish, siyosiy, huquqiy savodxonligini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlashdi.

Bundan tashqari ushbu tadbir uchun Markaziy Osiyo davlatlaridan mexmonlar va respublikamizning qishloq xo’jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan fermer ayollar tashrif buyurishdi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) ushbu kunni nishonlash uchun bu yilgi mavzuni bejiz

"Qishloq ayollari umumiy kelajagimiz uchun tabiatni qo‘llab-quvvatlaydilar: iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni oshirish, biologik xilma-xillikni saqlab qolish va gender tengligi hamda ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun yerga g‘amxo‘rlik qilish" deb nomlamadi. Ushbu mavzu qishloq ayollari oziq-ovqat xavfsizligiga erishish va barqaror kelajakni targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynashi sababli ularga bilim, fan va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyati berilishi nechog‘lik muhimligini aks ettiradi”, — deydi BMTning Oʻzbekistondagi doimiy kordinatori Sabine Mahl.

Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda barqaror rivojlanish borasidagi sa’y-harakatlar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirish va bioxilma-xillikni saqlashga qaratilgan bo‘lib, bularning barchasi ayollarning faol ishtirokini talab qiladi. Mintaqaning umumiy suv zaxiralari va ekologik muammolari mintaqaviy hamkorlik va qishloq xo‘jaligi siyosatida gender omili bilan bog‘liq strategiyalarni birlashtirish zarurligini tasdiqlaydi.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda qishloq xoʻjaligida 3,5 mlndan ortiq band bo‘lganlarning 1,5 mln yoki 43,2 foizini xotin-qizlar tashkil etib, respublikada faoliyat yuritayotgan 90 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklarning deyarli 6,5 foiziga ayollar rahbarlik qilmoqdalar. Aholi tomorqalaridagi 600 ming gektardan ortiq yer maydonlarida xam asosan xotin-qizlar samarali mehnat qilib, oziq-ovqat ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlanitirishda salmoqli hissa qo‘shmoqdalar. Ushbu koʻrsatkichlar respublikamizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy va ishlab chiqarishdagi ulushini oshirish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar natijalaridan biridir.

“FAO Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga ayollarni faol jalb etish orqali ular uchun yangi imkoniyatlar yaratishga hissa qo‘shadi. Qishloq ayollarining qishloq xo‘jaligi sohasida bilimlari, fan va innovatsion texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali biz kelajak avlodlar uchun barqaror oziq-ovqat xavfsizligini ta‘minlaydigan tizimlarni yaratishimiz mumkin”, — deb ta‘kidladi Sherzod Umarov.

Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar ushbu mavzular bo’yicha parallel seksiyalarga yo’naltirildi:

1-seksiya: "Markaziy Osiyoda qishloq ayollari, iqlim o‘zgarishi va barqaror qishloq xo‘jaligi: muammolar va imkoniyatlar"

2-seksiya: "Agrobiznes, innovatsiyalar va raqamlashtirish: qishloq ayollariga BRM va barqaror rivojlanishga erishish imkoniyatini taqdim etish"

3-seksiya: "Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va tabiiy resurslarni boshqarishda ayollarning roli: muammolarni imkoniyatlarga aylantirish" 

Forum ishtirokchilarga qishloq ayollarining agrobiznes, innovatsiyalar va raqamlashtirishdan foydalanishda duch keladigan muammolarini hal qilish uchun samarali muloqot maydonini taqdim etdi. Konstruktiv fikr almashinuvi orqali ishtirokchilar ushbu muammolarni imkoniyatlarga aylantirish, iqlim o‘zgarishini yumshatish, tabiiy resurslarni boshqarish va barqaror qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini gender tengligiga asoslangan yondashuvlar orqali ilgari surish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdilar.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling