Valyuta kurslari 22/08/2025
$1 – 12413.79
UZS – -0,42%
€1 – 14468.27
UZS – -0,34%
₽1 – 154.86
UZS – -0,36%
Qidirish
Iqtisod 21/08/2025 "UzHydroPower" O'zbekistonda gidroenergetika sohasida strategik yetakchi hisoblanadi

"UzHydroPower" O'zbekistonda gidroenergetika sohasida strategik yetakchi hisoblanadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda gidroenergetika sohasini rivojlantirishda muhim strategik ahamiyatga ega bo‘lgan “UzHydroPower” zavodi yurtimizda mahalliy ishlab chiqarish salohiyatini kuchaytirish hamda iqtisodiy mustaqillikni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

“UzHydroPower” zavodi – Xitoyning “Zhejiang Jinlun Electromechanic Co., Ltd.” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxona bo‘lib, bugungi kunda quvvati 1 kVt dan 40 MVt gacha bo‘lgan zamonaviy gidroagregatlar, turbinalar, generatorlar, suv nasos agregatlari va suv omborlari uchun metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni amalga oshirmoqda.

Ushbu zavod o‘z ixtisosligi bo‘yicha, yaʼni gidroagregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyo bo‘yicha ham sanoqli zavodlar qatoriga kiradi.

Bugun, 21 avgust kuni Jamiyat Axborot xizmati tomonidan mamlakatimizning bir guruh bosma va elektron OAV vakillari, televideniye, radiokanallar muharrirlari va jurnalistlar uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “UzHydroPower” qo‘shma korxonasiga press-tur tashkil qilindi.

Zavodda quvvati 40 MVtgacha bo‘lgan gidroagregatlar hamda soha uchun zaruriy ehtiyot-qismlar “Made in Uzbekistan” milliy brendi asosida mahalliylashtirish doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilmoqda.

Mahalliylashtirish darajasi – 72%

Zavodda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar tarkibida kamida 72 foiz mahalliy komponentlardan foydalaniladi. Bu esa, mamlakatimizda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatini kengaytirib, iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarish darajasini oshirish, importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilyapti.

Raqobatbardosh narx va eksport salohiyati

“UzHydroPower”da ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (gidroagregatlar, ehtiyot qismlar) narxi:

Xitoyda ishlab chiqarilgan o‘xshash uskunalarga nisbatan 12% arzon;

Rossiya ishlab chiqaruvchilariga nisbatan 27% arzon.

Yaqin istiqbolda, yaʼni kelgusi 2026 yildan boshlab zavod mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilish rejalashtirilmoqda.

Texnik salohiyat va loyihalar

Zavodda 5 ta ishlab chiqarish sexi mavjud bo‘lib, 80 dan ortiq zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. Hozirda 255 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 350 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Zavod ishchi-xodimlari uchun barcha shart-sharoitlar va maishiy qulayliklar (oshxona, 100 kishilik yotoqxona, dam olish zonalari, sport maydonchalari, ochiq suzish havzasi) yaratilgan.

Zavodda “ustoz-shogird” anʼanasi asosida kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. 7 nafar salohiyatli yosh mutaxassislar Xitoyda 3 oylik malaka oshirish kurslarida ishtirok etib qaytishdi, shuningdek, 60 nafar xodimni xorijda o‘qitish rejalashtirilgan.

Yurtimiz gidroenergetikasida yangi bosqich

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida 430 MVt quvvat yaratildi va umumiy quvvat 2,3 GVtga yetkazildi. “UzHydroPower” tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatlaridagi 10 ga yaqin kichik GESda muvaffaqiyatli ishga tushirildi.

Hozirgi kunda zavodda Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, xususan, yirik loyihalar – “Chotqol daryosida Quyi Chotqol GES qurilishi” investitsiya loyihasi (90 MVt) hamda Norin daryosida Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi (228 MVt) uchun zaruriy jihozlar hamda ehtiyot qismlar tayyorlab, yetkazib berilmoqda.

Yaqin istiqbolda “UzHydroPower” – O‘zbekistonni dunyoda gidroagregatlar ishlab chiqaradigan yetakchi mamlakatlar qatoridan joy olishiga xizmat qilishi, shubhasiz.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling