UzAuto Motors yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — UzAuto Motors kompaniyasi yaqin vaqt ichida sakkizta yangi avtomobil modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya bosh direktori Yanosh Kovach Toshkentda Chevrolet Tahoe High Country yo‘ltanlamasi taqdimoti vaqtida maʼlum qildi.
Kompaniya rahbarining taʼkidlashicha, Tahoe High Country yangi turkumdagi ilk model bo‘ldi. Kovach qaysi avtomobillar yangilik sifatida taqdim etilishi va ularning aniq muddatlari haqida maʼlumot bermadi, biroq ular orasida Chevrolet Captiva‘ning gibrid versiyasi ham borligini qayd etdi.
UzAuto Motors mamlakatdagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi sifatida qolmoqda. 2024 yilda kompaniya 373 mingta mashina sotgan bo‘lsa, 2025 yil avgust oyi oxiriga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 200 ming avtomobilni tashkil etdi.
Joriy yil oxiriga qadar avtokompaniya ushbu raqamni 300 mingdan ortiq avtomobilga yetkazishni maqsad qilmoqda.