UzAuto Motors Powertrain CSS Prime silindr bloklarini Lotin Amerikasiga eksport qilmoqda
(photo UzAuto Motors Powertrain)
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yilning dekabr oyidan boshlab, UzAuto Motors Powertrain CSS Prime silindr bloklarini Lotin Amerikasiga eksport qilishni boshladi. Umumiy yetkazib berish hajmi 40 ming dona, qiymati esa 4,9 million AQSh dollarini tashkil qiladi.
Bunday muvaffaqiyatga 2022-yilda korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari sezilarli darajada kengaytirilganidan so‘ng erishildi. Mazkur davrda Chevrolet Onix va Chevrolet Tracker modellari uchun mo‘ljallangan General Motors texnologiyasi asosida zamonaviy 1,2 litrli atmosferali va turbinali dvigatellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan CSS Prime yig‘ish liniyasi ishga tushirildi. Mahsulotlar iqtisodiy samaradorlik, unumdorlik va ishonchlilik bo‘yicha zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi.
Bunday yutuqlar zamirida ishlab chiqarish texnologiyalarining tizimli rivojlanishi va sarmoyalarning kiritilishi yotadi. UzAuto Motors Powertrain tomonidan 1,2 va 1,5 litrli 2-avlod B-DOHC benzinli dvigatellarining ommaviy ishlab chiqarilishi 2012-yilning iyul oyida yo‘lga qo‘yilgan edi. Hozirgi kunda ushbu kuch agregatlari quvvat va yoqilg‘i tejamkorligi o‘rtasidagi optimal muvozanatni ta’minlab, Chevrolet Cobalt avtomobillariga (ilgari esa - Spark, Nexia 3 va Gentra modellariga) o‘rnatilmoqda.
Texnologiyalarning doimiy tarzda yangilanib borishi UzAuto Motors Powertrain yuqori natijalarida muhim ahamiyat kasb etadi. Korxonada HPDC yuqori bosimda quyish liniyasi joriy qilingan bo‘lib, bu CSS Prime silindr bloklarining yuqori aniqlikdagi quyma qismlarini ishlab chiqarishga imkon beradi. Silindr kallaklari uchun esa gravitatsion quyish texnologiyasi qo‘llaniladi, bu esa ularning mustahkamligi va barqarorligini ta’minlaydi. Barcha mexanik ishlov bosqichlari esa raqamli dasturli boshqaruvga (ChPU) ega stanoklarda amalga oshiriladi - bu yuqori aniqlikni va xalqaro talablar darajasiga muvofiqligini kafolatlaydi.
Ta’kidlash joizki, UzAuto Motors Powertrain mintaqadagi o‘ziga xos sanoat markazi sanaladi. Bugungi kunda bu Markaziy Osiyoda yagona zavod bo‘lib, alyuminiy quyma tayyorlashdan tortib, mexanik ishlov berish va yakuniy yig‘ishgacha bo‘lgan dvigatel ishlab chiqarishning to‘liq sikli amalga oshiriladi. Bunday yondashuv logistika xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga, shuningdek, ishlab chiqarish tannarxini boshqa davlatlardagi o‘xshash korxonalar bilan solishtirganda 10-20% past saqlab qolish imkonini beradi.
Shu sababli, UzAuto Motors Powertrain mahsulotlari xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli raqobatlashmoqda va global standartlarga to‘liq javob beradi. Bundan tashqari, mahalliy mehnat resurslari va energiya manbalaridan foydalanish tashqi omillarga bog‘liqlikni kamaytirib, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.