USP va Markaz o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda o‘tkaziladigan tadbir doirasida USP (United States Pharmacopeia)ning Jamoatchilik siyosati va regulyator ishlari direktori Zakiya Al-Kurdi, markaz direktori Alisher Temirov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
USP (United States Pharmacopeia) — AQSH Farmakopeyasi, dori vositalari, biologik mahsulotlar va oziq-ovqat qo‘shimchalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini taʼminlashga qaratilgan mustaqil, tashkilot bo‘lib, u xalqaro miqyosda tan olingan standartlar ishlab chiqadi va laboratoriya sinovlari, o‘quv dasturlari hamda texnik yordam orqali sog‘liqni saqlash sohasini qo‘llab-quvvatlaydi. Tashkilot faoliyati dunyo bo‘ylab farmatsevtik nazorat va sifatni oshirishga qaratilgan.
Uchrashuvda 2025–2026 yillar uchun qo‘shma ish rejasi muhokama qilindi. Jumladan, har yili mintaqaviy regulyatorlik uchrashuvini tashkil etish, USPning o‘quv dasturlaridan foydalanish imkoniyatlari, Texnik qo‘mita ko‘magida murakkab laboratoriya sinovlarini amalga oshirish, shuningdek, dori vositalari uchun tanqisligini aniqlash bo‘yicha USP tajribasidan foydalanish imkoniyatlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) GBT baholashi va laboratoriyalarning JSST prekvalifikatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tish jarayonida USP ekspertlarining ko‘magi, USP va Markaz o‘rtasidagi amaldagi preferensial kelishuvni yangilash, hamda USP tomonidan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan boshqa qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari muhokama etildi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha tomonlar mavjud hamkorlikni yana-da mustahkamlash va farmatsevtika mahsulotlar sifati va xavfsizligini taʼminlash sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.