Turkiyaning birinchi xonimi AQSH prezidentining turmush o‘rtog‘idan G‘azoga oid gumanitar inqirozga eʼtibor qaratirishni so‘radi
(Surat: Anadolu Ajansi)
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdog‘an AQSH prezidentining turmush o‘rtog‘i Melaniya Trampga murojaat yo‘llab, uni Ukrainadagi urushga nisbatan ko‘rsatgan hamdardligi kabi, G‘azo sektoridagi gumanitar fojiaga ham eʼtibor qaratishga chaqirdi. Bu haqda Turkiya prezidenti maʼmuriyati matbuot xizmati xabar berdi.
Xatda Emine Erdog‘an Melaniya Trampga minnatdorlik izhor etdi hamda ularning olti yil oldin Oq uyda bo‘lib o‘tgan samimiy uchrashuvini eslab o‘tdi. U AQSHning birinchi xonimi Ukrainadagi nizodan jabr ko‘rgan bolalar taqdiriga ko‘rsatgan eʼtibori umid uyg‘otganini qayd etib, shunday hamdardlikni falastinlik bolalarga ham ko‘rsatishga daʼvat etdi.
«Ukrain bolalari yuziga tabassum qaytarishga qaratilgan saʼy-harakatlaringiz katta ahamiyatga ega. Ishonchim komilki, siz G‘azo bolalarining taqdiriga ham shunday chuqur eʼtibor qaratasiz. Bu yerda ikki yil ichida o‘n minglab tinch aholi, jumladan minglab bolalar halok bo‘ldi», — deb yozdi Emine Erdog‘an.
Turkiyaning birinchi xonimi taʼkidlashicha, G‘azodagi vaziyat zamonaviy tarixdagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan biriga aylandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «har 45 daqiqada bir bola halok bo‘lmoqda», minglab chaqaloqlar esa hali ham shaxsi aniqlanmagan qurbonlar qatorida qolmoqda. Bu esa «insoniyat vijdoniga bitmas-tuganmas yara solmoqda».
Emine Erdog‘an AQSH prezidentining turmush o‘rtog‘ini Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga murojaat qilib, G‘azo sektoridagi gumanitar fojiani to‘xtatishni qatʼiyat bilan talab qilishga chorladi.
U qayd etdiki, Falastin bolalari ham Ukraina bolalari kabi xursandchilikka, erkinlikka va munosib kelajakka haqlidir.
«Agar sizning ovozingiz G‘azoni himoya qilish uchun yangrasa, bu juda katta ahamiyat kasb etar edi. Bu falastin xalqi oldidagi tarixiy masʼuliyatni bajarish bo‘lardi», — deb taʼkidladi u.
Xulosa qilib, Emine Erdog‘an bolalarni himoya qilish va xalqaro huquqqa amal qilish — bu umuminsoniy burch ekanini, faqatgina saʼy-harakatlarni birlashtirish orqali kelajak avlodlarga umid qaytarish mumkinligini qayd etdi.