Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 26-oktyabr kuni poytaxtimizda "Yangi Markaziy Osiyo: global transformatsiyalar davridagi xavf-xatarlar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Konferensiyada Markaziy Osiyo, MDH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Pokiston, Malayziya va boshqa mamlakatlarning yetakchi tahliliy markazlari rahbarlari va yetakchi ekspertlari ishtirok etadi. Jami 25 mamlakatdan 40 dan ziyod xorijiy delegatlar ishtirok etadi.
Kun tartibidan mintaqaviy hamkorlikning holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish, bu boradagi xorijiy tajribani ko‘rib chiqish, Markaziy Osiyoning zamonaviy jahon xo‘jalik aloqalari tizimidagi o‘rni va roli, shuningdek, mintaqa madaniy-sivilizatsion merosining muloqot va ishonchni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida fikr almashish o‘rin olgan.