Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 03/11/2024 Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazishdi. 

Jumladan, tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelinib, Quyichirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg. 834 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Toshkent shahrida yashovchi, 1992 va 1998-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa “Surxondaryo-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina O‘rtachirchiq tumani hududida to‘xtatildi. 

Natijada, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro boshqaruvidagi avtomashinada 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxs yo‘lovchi sifatida ketayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtomashinaning orqa eshiklari ichki qismiga 1 kg. “gashish” moddasi yashirib qo‘yilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ajal og‘usini Surxondaryoda qabul qilib olishgan va uni sotib mo‘may daromad topishni rejalashtirishgan.

Navbatdagi holatda Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi, 1994, 1995 va 1997-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro 985 gr. “gashish” moddasini “Neksiya” rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtlarida Zangiota tumanida to‘xtatib, qolindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu zahri qotil ham tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yo‘llar orqali mamlakatimizga olib kelinganligi aniqlandi.

Ohangaron tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyo‘l tumani hamda Yangiyo‘l shahrida istiqomat qiluvchi, 1987, 1995 va 1996-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Qo‘qon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gr. “gashish” hamda 722 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 43 mln. so‘mga sotib olib, doimiy yashash manzillariga qaytib kelayotgan vaqtlarida qo‘lga olindi. 

Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatimizga Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.

Yana bir holatda esa “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Ohangaron shahri hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada unda avtomashinani boshqarib ketayotgan Transport nazorati inspeksiyasi inspektori hamda 1975 va 1990-yillarda tug‘ilgan, muqaddam kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganliklari uchun sudlangan 2 nafar yo‘lovchiga tegishli 826 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Ma’lum bo‘lishicha, ular Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qo‘qon shahrida yashovchi fuqarodan 22 mln. 500 ming so‘mga sotib olishgan.

Hozirda barcha holatlar bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling