Toshkent viloyati delegatsiyasi rossiyalik fermerlarning g‘allaning yangi navlarini yetishtirish tajribasini o‘rgandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda viloyat hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Xurshid Qoraboyev boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning bir qator hududlarida xizmat safarida bo‘lib turibdi. Maqsad — urug‘chilik borasidagi ilg‘or texnologiyalar, yangi navlar yaratish tajribasi va ularni amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishishdan iborat.
Dastlab, delegatsiya a’zolari Krasnodar shahridagi “P.P. Lukyanenko” nomidagi boshoqli don milliy markazida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, urug‘chilik laboratoriyalari faoliyati, yuqori hosildor navlar seleksiyasi va ularni sinovdan o‘tkazish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, amaliy tajriba almashish maqsadida qator uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazildi.
2026 yil uchun viloyatda jami 8320 gektar maydonda urug‘lik g‘alla yetishtirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 4910 gektariga iqlim sharoitiga mos, yuqori hosildor va yangi avlod navlarini ekish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda jami 945 tonna urug‘lik don xarid qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu umumiy ehtiyojning 59 foizini tashkil etadi. Hozirgacha 1725 gektar maydon uchun 385 tonna urug‘likka shartnomalar tuzildi.
Ushbu urug‘lar viloyatga olib kelinishi va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari hamda fermer xo‘jaliklari o‘rtasida taqsimlanishi rejalashtirilgan.