Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 11/10/2024 Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi

Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

Bugungi kunda shahar hududi 43 ming 822 gektar, aholi soni 3 milliondan ziyod. Kelgusida bu miqyos yanada oshib borishi tayin. Shu bois Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi loyihalashtirildi.

Davlatimiz rahbari bu boradagi ilk ishlanmalar bilan 2022-yilda tanishgan edi. Unda berilgan ko‘rsatma va tavsiyalar asosida loyiha takomillashtirildi. “ToshkentboshplanLITI” korxonasida Singapur, Buyuk Britaniya, Turkiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiya kompaniyalari bilan hamkorlikda puxta ish olib borildi.

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi. Konservatsiya zonasida madaniy meros binolari, tarixiy joylar, uylar va yashil hududlar o‘zgarishsiz qoladi. Rekonstruksiya zonasida master-rejalar asosida qo‘shimcha qurilishlar qilish mumkin bo‘ladi. Renovatsiya zonasida eskirgan uy-joy, binolar o‘rnida yangi qurilishlar va ta’mirlash amalga oshiriladi.

Bugungi kunda ekologiya va transport muammolari dolzarb bo‘lib bormoqda. Xususan, oxirgi o‘n yilda Toshkentdagi havo harorati o‘rtacha 1 daraja ko‘tarilgan. Ba’zi kunlarda atmosferadagi ifloslantiruvchi moddalar me’yordan ortiq bo‘lmoqda. Avtomashinalar ham kun sayin ko‘payib, yo‘l harakati qiyinlashib bormoqda.

Shu bois yangi bosh rejada bu masalalar inobatga olingan. Jumladan, Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko‘paytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanmoqda. Bu orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshadi.

Shaharsozlik talabiga ko‘ra, aholi o‘z yashash joyidan eng yaqin bog‘cha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarigacha ko‘pi bilan 15 daqiqada yetib bora olishi kerak. Shu bois jamoat transporti tarmog‘i kengaytirilib, bog‘lamlar va bekatlar ko‘paytiriladi. Yangi yo‘llar qurilib, metrobus yo‘nalishlari tashkil etiladi.

So‘nggi yillardagi o‘sish natijasida Toshkentda elektr energiyasi, suv va oqova infratuzilmasi yuklama bilan ishlayapti. Bosh reja loyihasida bu quvvatlarni oshirish manbalari ham hisob-kitob qilingan.

Bosh reja tasdiqlangach, uning xaritalari Shaharsozlik kadastri geoaxborot tizimida hamda Toshkent shahar hokimligi veb-saytida ochiq ma’lumot sifatida joylashtiriladi.

Mutasaddilar bosh rejaning shu kabi asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari Toshkent shahrini kamida 7,5 million odam yashashi va ishlashi uchun qulay sharoitga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yaxlit aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling