Tianjin Rail Transit Group temir yo'llarni rivojlantirish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Xitoyning "Tianjin Rail Transit Group" kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Yunkan Mа bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar metropoliten va temir yo‘l transportini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama etishdi.
Xususan, Xitoy tomoni mavjud metro liniyalarini rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish, shuningdek, Toshkent – Samarqand yangi temir yo‘l liniyasini barpo etish loyihasida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Kompaniya mazkur loyihalarni batafsil o‘rganish asosida o‘z takliflarini taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uchrashuv davomida Jasurbek Choriyev Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li va Transafg‘on koridorini qurish bo‘yicha yirik loyihalar haqida axborot berdi. Mazkur loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni jalb etish borasida hamkorlikka qiziqish yuqori ekanligini bildirdi.