Tehronda IHT davlatlari o‘rtasida transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Eron poytaxti Tehron shahrida Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) transport vazirlarining 13-chi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish ishtirokchilar IHT mintaqasida samarali, integratsiyalashgan va barqaror transport tizimlarini rivojlantirishning hozirgi muammolari va istiqboldagi imkoniyatlari haqida fikr almashdilar.
Muzokaralarda multimodal transport yo‘laklarini takomillashtirish, transport sohasida raqamlashtirishni rag‘batlantirish, transchegaraviy savdo va tranzitni osonlashtirish, mintaqaviy kelishuv va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda transport vaziri Ilhom Maxkamov nutq so‘zlab, IHTga a’zo davlatlar sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan transport va logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish bo‘yicha ilgari surilgan takliflar va ularni joriy etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Xususan, 2023-yil 8 – 9-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan IHTning 16-sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilotga a’zo davlatlarning o‘zaro transport-kommunikatsiya bog‘liqligini kuchaytirish uchun zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish maqsadida Toshkent shahrida tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish bo‘yicha tashabbus ilgari surilgan.
Ilhom Maxkamov ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun transport va bojxona idoralari xodimlaridan iborat Ishchi guruh tuzgan holda yuk va bojxona hujjatlarini raqamlashtirish va o‘zaro tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish taklifini bildirdi.
Vazirlar IHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishlarini yana bir bor tasdiqladilar.
Shuningdek, ular infratuzilmani yaxshilash, transport siyosatini uyg‘unlashtirish va xususiy sektorning mintaqaviy transport loyihalarida ishtirokini kuchaytirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar va sarmoya zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuvning asosiy natijasi strategik ustuvorliklar va mintaqaviy transport va aloqalarni yaxshilash bo‘yicha jamoaviy yo‘l xaritasini belgilab beruvchi Tehron deklaratsiyasining bir ovozdan qabul qilinishi bo‘ldi.
Deklaratsiyaga Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish hamda Samarqand aeroportini IHT aviatsiya xabi sifatida qabul qilish kabi O‘zbekiston tomonidan berilgan takliflar kiritildi.