Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 21/09/2024 Tabiatni asrash va turizmni rivojlantirishga doir takliflar ko‘rib chiqildi

Tabiatni asrash va turizmni rivojlantirishga doir takliflar ko‘rib chiqildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Hozirgi kunda havoni musaffo saqlash, ekologik hodisalarning ta’sirini kamaytirish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois bu borada ikkita dastur ishlab chiqildi.

Birinchisi – Chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha 2024-2030-yillarga mo‘ljallangan milliy dasturdir. Bu hujjatda “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilg‘ini sotish va undan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘liq taqiqlash nazarda tutiladi. Buning uchun Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari yuqori sifatli yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha modernizatsiya qilinadi.

Ikkinchisi – Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi bo‘lib, unga ko‘ra, kelgusi 5 yilda poytaxtimiz va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 441 gektar “yashil belbog‘” va bog‘lar tashkil qilinadi.

Sanitar tozalash ishlarini tartibga solish maqsadida mavjud markaz negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tuzish taklif etilmoqda. Sanitar tozalash korxonalarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga qarab, uchta toifaga ajratgan holda reyting tizimi joriy qilinadi.

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi qo‘yiladi. Shuningdek, atrof-muhitga zarari ko‘p sanoat korxonalari ham “yashil belbog‘”lar barpo etish majburiyatini oladi.

Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Faol va jonkuyar insonlarni rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish taklifi bildirildi.

Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik bo‘yicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi. Shuningdek, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qat’iylashtirish choralari ko‘riladi.  

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi qarori bilan respublikada ekologik markirovkalash tizimi joriy etilgan. Endi ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq, “Yashil belgi” nomi ostida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash yo‘lga qo‘yiladi. 2 ming 336 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarda avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va suv tozalash inshootlarini o‘rnatish bo‘yicha tarmoq jadvallari tasdiqlanadi.

Ekologiya vazirligi huzurida jamoatchilik nazorati ostida boshqariladigan va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Yashil xayriya jamg‘armasi” tashkil etiladi. Elektron xarid ilovalarida “Yashil to‘lov” ixtiyoriy ustama turi ochiladi.

Sohadagi yana bir muammo yovvoyi hayvonlarni asrash bilan bog‘liq. Ularni xonadonlarda boqish huquqiy jihatdan tartibga solinmagan. Shu bois endi yovvoyi hayvonlarni uy sharoitida, sirk va shapitolarda saqlash hamda tomoshalarda foydalanish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslar ixtiyoridagi hamda sirklarda saqlanuvchi bunday jonzotlar hayvonot bog‘laridagi reabilitatsiya markazlariga, okeanariumlar, pitomnik va ilmiy-tadqiqot muassasalariga topshirilishi belgilanmoqda.

Taqdimotda tibbiy turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Shu maqsadda O‘zbekiston bu yo‘nalishda Markaziy Osiyoning “chorlovchi nuqtasi” sifatida targ‘ib qilinadi. “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturi amalga oshiriladi. Tibbiy va sog‘lomlashtirish muassasalari faoliyati rag‘batlantirilib, ularning yagona reyestri ishga tushiriladi. Mehmonxonalar kabi yulduzli sanatoriylar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari bular bo‘yicha hujjat loyihalarini puxta ishlab chiqish va ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling