Soliq organlarida 515 mingdan ortiq ijara shartnomalari hisobga qo‘yildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston soliq organlarida 515 mingdan ortiq ijara shartnomasi ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu shartnomalar bo'yicha 600 mlrd so'mga yaqin soliqlar hisoblangan.
Jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan 356,1 mingta ijara shartnomasi asosida 445 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblanib, 2024-yilning mos davriga nisbatan ijara shartnomalari soni 9,1% va hisoblangan daromad solig‘i summasi 46,6%ga oshgan.
Yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan 159,1 mingta ijara shartnomasi asosida 154,5 mlrd so‘m soliq hisoblanib, 2024-yilning mos davriga nisbatan ijara shartnomalari soni 14,1% va hisoblangan soliq summasi 34,7%ga oshgan.
Uy-joylarni talabalarga ijaraga bergan soliq to‘lovchilar daromadlari soliqdan ozod etilgan. Yanvar-iyulda daromad solig‘idan 40,7 mlrd so‘m imtiyoz qo‘llanildi. Talabalar bilan 65,3 mingdan ortiq ijara shartnomasi tuzilgan. Ijarada turuvchi talabalar soni 95 307 nafarni tashkil etdi.