Sojitz korporatsiyasi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va energetika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosarlari Otabek Fazilkarimov va Ilhomjon Umrzakov Yaponiyaning “Sojitz Corporation” kompaniyasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Sojitz Corporation” dunyoning yetakchi savdo va investitsiya korporatsiyalaridan biri bo‘lib, energetika va tabiiy resurslar, kimyo sanoati, transport va infratuzilma, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati hamda yashil energetika sohalarida faoliyat yuritadi. Korporatsiya 50 dan ortiq davlatda filial va ofislarga ega hamda ko‘plab davlat va xususiy korporatsiyalar bilan yirik investitsiya loyihalarida ishtirok etadi.
Delegatsiya tarkibida sog‘liqni saqlash va energetika bo‘limi boshlig‘i Kishi Kojiro, Toshkentdagi vakolatxona bosh direktori Baxrom Salomov hamda boshqalar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, shuningdek mamlakatimizdagi iqtisodiy jarayonlar hamda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar yuzasidan muhokamalar olib bordi.
Jumladan, muhokamalarda tomonlar DXSH asosida amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, xususan, hududlarda zamonaviy talablar asosidagi ko‘p tarmoqli shifoxonalar qurish hamda kelgusida yangi tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, yuqorida qayd etilgan sohalarda samarali loyihalarni ishlab chiqish hamda fikr almashish jarayonlarini kengaytirishga kelishib oldilar.