SHHT 2035 yilgacha rivojlanish strategiyasini va qator muhim hujjatlarni tasdiqladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) aʼzo davlatlar rahbarlari Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley — 25-sammit yakunida tashkilotning 2035 yilgacha rivojlanish strategiyasini va tegishli hujjatlar to‘plamni tasdiqladi.
Strategiyada SHHTning asosiy maqsad va vazifalari, shuningdek ularni amalga oshirish usullari belgilab berilgan. Hujjatda davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, SHHT makonida xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish, shuningdek savdo, iqtisodiyot, moliya va investitsiyalar sohalarida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish nazarda tutilgan.
Xitoy raisligi yakuniy natijalari Tyanszin deklaratsiyasida aks ettirilgan. Bundan tashqari, turli sohalarda hamkorlikka oid hujjatlar to‘plami qabul qilindi. Jumladan, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan SHHTga aʼzo davlatlarning ekstremistik g‘oyalarga qarshi hamkorlik dasturi hamda 2030 yilgacha energetik hamkorlikni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish yo‘l xaritasi tasdiqlandi.
SHHT Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi huzurida kuzatuvchi maqomini oldi, Laos esa muloqot bo‘yicha hamkor maqomiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, tashkilot doirasida “kuzatuvchi” va «muloqot bo‘yicha hamkor» maqomlari yagona «SHHT hamkori» toifasiga birlashtirilishi haqida qaror qabul qilindi, bu esa xalqaro hamkorlik tizimini optimallashtirishga xizmat qiladi.
Sammit yakunida ikkita davlatlararo kelishuv imzolandi: SHHTning doimiy organi sifatida Dushanbeda joylashadigan Antinarkotik markazini tashkil etish va Toshkentda SHHT Mintaqaviy terrorizmga qarshi tuzilma asosida davlatlar xavfsizligiga tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurash bo‘yicha Umumiy markazni tashkil etish. Umumiy markaz tarkibiga axborot xavfsizligi markazi hamda Bishkekda joylashadigan xalqaro uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash markazi bo‘lim sifatida kiradi.
Qirg‘izistonning Cholpon-Ota shahri 2025–2026 yillarda SHHTning turizm va madaniy poytaxti etib eʼlon qilindi.
Bundan tashqari, sammitda SHHT davlat rahbarlari kengashining bir qator bayonotlari qabul qilindi. Ular Ikkinchi jahon urushi tugaganiga va BMT tashkil etilganiga 80 yil to‘lishi, raqamli iqtisodiyotda hamkorlikni mustahkamlash, energetikada barqaror rivojlanish, yashil sanoat, sunʼiy intellekt sohasida xalqaro hamkorlik, ko‘p tomonlama savdo tizimini qo‘llab-quvvatlash, giyohvand moddalar muammosini samarali hal etish hamda ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan.