Valyuta kurslari 14/03/2025
$1 – 12938.11
UZS – 0,14%
€1 – 14076.66
UZS – -0,18%
₽1 – 149.99
UZS – 0,31%
Qidirish
Texnologiyalar 06/03/2025 Sherzod Shermatov Ookla rahbariyati bilan 5G rivojlanishi va internet sifatini muhokama qildi

Sherzod Shermatov Ookla rahbariyati bilan 5G rivojlanishi va internet sifatini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “MWC Barcelona – 2025” Jahon mobil kongressi doirasida “Ookla” tashkiloti prezidenti va bosh direktori Stiven Bye, Strategiya bo'yicha bosh direktor Chip Strenj hamda tashkilotning Shimoliy Osiyo va Markaziy Osiyo mintaqalari bo'yicha savdo direktori Viktor Zeng bilan uchrashdi.

Uchrashuvda internet infratuzilmasini rivojlantirish va sifat monitoringini kuchaytirish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Bundan tashqari, muloqot davomida hududlarda 5G texnologiyalari jarayonlarini jadallashtirish, mobil aloqa operatorlari uchun innovatsion texnologik yechimlarni sinovdan o‘tkazish va ularning xalqaro tajribaga asoslangan holda rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda “Ookla” tashkiloti O‘zbekistonning so‘nggi yillarda mobil internet tezligi bo‘yicha katta ko‘rsatkichlarga erishganini qayd etdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tashkilot vakillari Speedtest Global Index natijalariga ko‘ra, 2020-yilda O‘zbekiston 133-o‘rinni egallagani, 2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat ushbu reytingda 68-o‘ringa ko‘tarilgani, shu tariqa O‘zbekiston 2020-yildan beri 65 pog‘onaga yuqorilaganini ta'kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va o‘zaro hamkorlik loyihalari ustida ishlash masalalarini muhokama qildilar.

“Ookla” – global internet tezligini o‘lchash va tahlil qilish bilan shug‘ullanadigan yetakchi tashkilot bo‘lib, 2006-yilda tashkil etilgan. U Speedtest platformasi orqali butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilarga internet tezligini tekshirish imkoniyatini beradi.

Tashkilot har oy Speedtest Global Index reytingini yangilab, dunyodagi mobil va simli internet tezliklarini taqqoslab boradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling