Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdikulova Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) a’zosi etib saylandi. Olima bu yilgi saylovlarda MDH va Markaziy Osiyodan yagona vakil bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida bu nufuzli Akademiyaga saylangan yettinchi akademik olim sifatida e’tirof etildi.
Butunjahon fanlar akademiyasi prezidenti, professor Quarraysha Abdul Karimning shaxsan o‘zi Shahlo Turdikulovani tabriklab, uni Diplom topshirish marosimiga taklif qildi:
“Hurmatli professor Turdikulova, Sizni 2025-yil 1-yanvardan boshlab Jahon Fanlar Akademiyasi (TWAS) a’zoligiga saylaganligingizni ma’lum qilishdan mamnunmiz.
Sizni chin yurakdan tabriklashga ijozat bering. Sizning nufuzli Akademiyaga saylanishingiz ilm-fanga qo‘shgan ulkan hissangiz va uning rivojlanayotgan mamlakatlardagi taraqqiyotining yaqqol e’tirofidir. Sizni a’zolarimiz qatorida ekanligingizdan faxrlanamiz!"
O‘tgan saylovda jami 74 nafar olimlar (50 nafar erkak va 24 nafar ayol) saylanib, TWAS akademiklarining umumiy soni 1444 nafarga yetdi. Akademiklikka diplom topshirish marosimi 2025-yil boshida Italiyaning Triyest shahridagi Akademiya bosh qarorgohida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Shahlo Utkurovna COVID-19 ga qarshi O‘zbekiston-Xitoy vaksinasining hammuallifi, O‘zbekistonda nashrlar soni bo‘yicha eng yuqori impakt-faktorga ega, shuningdek, “Nature” jurnalida maqolalari uch marta chop etilgan mamlakatimizdagi yagona olimadir. U 2024-yil aprel oyida Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti etib tayinlandi va tashkilotning 80-yillik tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi. Sh. Turdikulova shuningdek, Ilg‘or texnologiyalar markazi qoshidagi inson genetikasi va biotexnologiyalari ilmiy maktabining asoschisi va rahbari hisoblanadi.
Shahlo Turdikulovaning Butunjahon fanlar akademiyasiga a’zo etib saylangani O‘zbekiston ilmiy salohiyatini yuksaltirish, jahon ilm-faniga qo‘shayotgan hissasi ortib borayotganini namoyish etishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.