Shaharsozlik renovatsiyasining huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —
“Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Hududlarni me’moriy, ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik jihatdan yaxshilash, eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz, avariya holiga kelib qolgan bino-inshootlarni yangilash, qulay va energiya samarador holatga keltirish, shu jumladan, ulardan samarali foydalanish hamda yer uchastkalarini qayta rejalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar shaharsozlik renovatsiyasi, deb e’tirof etilmoqda.
Mazkur qonun loyihasi bilan shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishning asoslari, maqsadlari, majburiy shartlari va amalga oshirish tartibi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, har yili 145 mingta turar joyga bo‘lgan talabni qondirish uchun 2019 — 2023-yillar davomida o‘rtacha 60 mingta, 2024-yilda esa 100 mingta yangi turar joylar qurilgan bo‘lib, bu borada o‘sib borayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun qo‘shimcha yer resurslari talab etilmoqda.
Birinchidan, qonun loyihasida hech kim renovatsiyada ishtirok etishga majburlanmasligi hamda renovatsiya ixtiyoriylik prinsipiga asoslanishi mustahkamlanmoqda. Ya’ni shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tartibda kelishuv bitimi imzolanishi belgilanmoqda.
Ikkinchidan, renovatsiya loyihasini tashabbus qilish uchun har bir obyekt huquq egalarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazish va ularning kamida beshdan to‘rt qismining notarial tasdiqlangan yozma roziligini olish talab etiladi.
Uchinchidan, qonun loyihasida shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilyapti. Xususiy mulk daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi, davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan huquq egalarining huquqlarini buzishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy kafolatlanmoqda.
To‘rtinchidan, shaharsozlik renovatsiyasi doirasida huquq egasining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda xususiy mulk huquqini hamda yer egasining yerga bo‘lgan huquqini amalga oshirish borasida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin etilishi aks etyapti.
Beshinchidan, loyihada turar va noturar joy mulkdorlariga adolatli kompensatsiya berish tizimi nazarda tutilmoqda. Ya’ni, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshiriladigan hududda yangi quriladigan turar va noturar joy obyektini mulk qilib berish, boshqa joydan turar va noturar joy obyektini mulk qilib berish, turar va noturar joy obyektlarining bozor qiymatida pul mablag‘lari yoki kelishuv bitimida nazarda tutilgan boshqa shakllarda berilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, turar va noturar joy obyekti kompensatsiya sifatida berilganda beriladigan uy-joy maydoni huquq egasining renovatsiya qilinayotgan uy-joy maydonidan kam bo‘lmasligi hamda yashash uchun tayyor holda topshirilishi va birinchi navbatda, pastki qavatlardan taklif etilishi kerakligi nazarda tutilmoqda.
Renovatsiya loyihasi “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasi, ommaviy axborot vositalari, rasmiy veb-saytlari va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi shartligi belgilanmoqda. Shuningdek, renavatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashiga kiritiladi.
Shaharsozlik renovatsiyasi dasturiga kiritilgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish jarayonlari huquq egalari va boshqa jamoatchilik nazorati subyektlari uchun “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasida qulay formatlarda onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada ekologiya va tabiatga zarar yetkazmaslik prinsipi ham mustahakamlanib, loyiha hududining kamida to‘rtdan bir qismi yashil maydonlardan iborat bo‘lishi, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlari, madaniy yodgorliklar qat’iy himoya qilinishi belgilanmoqda.
Majlisda qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xususan, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Umid Yakubxodjayev partiya saylovoldi dasturida renovatsiya to‘g‘risida ishlab chiqilayotgan har qanday qonunda uy-joy mulkdorlari, tadbirkorlarning mulk huquqi va qonuniy manfaatlari mutlaq kafolatlanishini asosiy maqsadlaridan biri sifatida e’tirof etilganini ta’kidlab, renovatsiya loyihasi hududiga tushgan yer uchastkalari xususiy mulkda bo‘lgan taqdirda, mazkur yer uchastkalari qay tartibda olib qo‘yiladi? degan savolni o‘rtaga tashladi. Shuningdek, bunda shunchaki baholangan qiymatda kompensatsiya to‘lab emas, kelishuv asosida qayta sotib olish orqali renovatsiya dasturiga kiritilishini aniq belgilash taklifini bildirdi.
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Dilbar Mamajanova qonun loyihasi partiyaning asosiy elektorati bo‘lgan aholining ehtiyojmand qatlamlariga nisbatan bevosita ta’sir qilishiga e’tibor qaratib, ushbu qonun loyihasida keltirilgan tartib va qoidalar, kafolatlar ehtiyojmand aholining manfaatlarini yetarlicha himoya qiladimi? degan savolni o‘rtaga tashladi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Noiba Inoyatova bugungi kunda ekologik muammolar, ya’ni daraxtlarning kesilishi, ularning atrof-muhitga ta’sirining oldini olish maqsadida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilganini qayd etib, qonun loyihasida daraxtlarni kesishga yo‘l qo‘yilmasligi va yashil hududlarni tashkil etish masalasi aniq belgilanganligi yuzasidan aniqlashtiruvchi savol berdi.
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Yakubov qonun loyihasining 6-, 7-, 21-, 26-, 29-moddalarida renovatsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida taklif kiritish uchun huquq egalarining notarial tartibda tasdiqlangan dastlabki roziligi olinishi nazarda tutilayotganini, biroq, loyihada ushbu masala ochiq qolayotganiga urg‘u berdi. Xalq vakilining qayd etishicha, keyinchalik investor va’da qilingan to‘lovdan yoki kompensatsiya shaklidan voz kechsa yoki tan olmasa nima bo‘ladi? Shu bois, mulkdorlarning dastlabki roziligi ham kelishuv bitimi tuzish orqali amalga oshirilishini, unda huquq egalari va renovatsiyani amalga oshiruvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari, kompensatsiya shakli va miqdori aks etishini aniq belgilab qo‘yilishi kerakligini ta’kidlab, ayrim moddalar bo‘yicha ham o‘z taklifini bildirdi.
Qonun tashabbuskorlari deputatlarning savollariga atroflicha tushuntirish berishdi. Bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda maromiga yetkazishda inobatga olinishi ta’kidlandi.
Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.