Senatda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 13-mart kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi O.Kozixonova Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “Markaziy Osiyoda zo‘ravonlik ekstremizmning oldini olish” loyihasi rahbari Shtefan Buxmayer bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida GIZ tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmning oldini olishda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish hamda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Loyiha rahbari Shtefan Buxmayerning taʼkidlashicha, bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi kabi qator tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur loyiha davlat va fuqarolik jamiyatining zo‘ravonlikka asoslangan ekstremizmning oldini olish bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga, ayniqsa, zaif guruhlarning radikallashuvga qarshi bardoshliligini oshirishga qaratilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni mustahkamlash va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini yana-da rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.