Senatda BMT vakili bilan muhim masalalar muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining (BMT NJB) Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Pokiston va Erondagi mintaqaviy vakili Oliver Shtolpe bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak baholanib, ushbu jarayonlarda BMT NJB mamlakatda amalga oshirilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi bildirildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda korrupsiyaga hamda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Bu borada BMT NJB tomonidan katta yordam ko‘rsatilayotgani, shuningdek, Boshqarmaning korrupsiya, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi tajribasi xalqaro standartlarni hisobga olgan holda milliy mexanizmlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Suhbat chog‘ida korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashishda parlamentning roliga eʼtibor qaratilib, bu o‘z o‘rnida xalqaro miqyosda tan olingan mustahkam qonunchilik tizimini shakllantirishga xizmat qilayotganligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning bu boradagi tajribasi xalqaro darajada namuna bo‘lishi mumkinligi eʼtirof etildi.
O‘zbekistonning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, unga oid jinoyatlarni aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortish ishlari sezilarli darajada yaxshilanganligi, mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari taʼkidlandi. Bu mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanishida o‘z aksini topayotganligi qayd etildi.
Tomonlar jinoyatchilikning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, shuningdek, global tahdidlar - raqamlashtirish, mehnat migratsiyasining kengayishi va boshqa ustuvor yo‘nalishlarni hisobga olgan holda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning yangi "yo‘l xaritasi"ni tayyorlashga kelishib oldilar.