Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning "Mebeletta" kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda kompaniya mebel mahsulotlari uchun O‘zbekistondan tabiiy va sun’iy charm xarid qilish masalasini ko‘rib chiqdi.
Ma’lumot uchun, "Mebeletta" kompaniyasi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida joylashgan bo‘lib, asosan makrtabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, davlat idoralari va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun metall ramkalarga asoslangan mebel ishlab chiqaradi.
Avvalgi yillarda kompaniya mebel qoplamalari uchun Italiya charmidan foydalanib kelgan, ammo hozirda u O‘zbekistondan charm mahsulotlarini import qilishni maqsad qilgan.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tabiiy va sun’iy charmning sifatini yuqori, tannarxini esa arzon deb baholadi.
Shuning uchun ular "Ulkan-Laziz", "Sam Sunniy Deri" va "Sanfa Leather" kabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari,muloqotda kichik partiyalar bo‘yicha charm mahsulotlarni sotib olishni xohlagan boshqa Rossiya kompaniyalari uchun Sankt-Peterburgda "Ulkan-Laziz" MCHJning savdo uyini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.