Qonunchilik palatasi “Atom energetikasini boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu qonun loyihasi bilan atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ sifatida belgilanyapti.
Shuningdek, davlat organlari, vazirlik va idoralarning nomlari hamda huquqiy atamalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilmoqda. Yuridik-texnika qoidalaridan kelib chiqib, normalarni aniqlashtirish va ular o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash maqsadida tegishli o‘zgartishlar kiritilyapti.
Munozaralarda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani, xususan, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan berilgan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati hujjat matnida aks ettirilgani ta’kidlandi.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi atom energiyasidan foydalanish sohasida huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, davlat boshqaruvi va nazoratining samarali yo‘lga qo‘yilishini ta’minlash hamda sohadagi munosabatlarni zamon talablariga mos ravishda rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.