Valyuta kurslari 21/08/2025
$1 – 12466.44
UZS – -0,47%
€1 – 14517.17
UZS – -0,77%
₽1 – 155.42
UZS – -0,35%
Qidirish
O‘zbekiston 21/08/2025 Prezident sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’qulladi

Prezident sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov masalalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda bu soha izchil isloh qilinib, sudlar jazolovchi organdan inson huquqlarini himoya qiluvchi tizimga aylantirildi.

Jumladan, ma’muriy sudlar tashkil etildi. Maishiy zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan samarali choralar ko‘rildi. Oilaviy masalalarga ixtisoslashgan sudyalar korpusi yaratildi. Investitsiyaviy nizolar bo‘yicha alohida sudlov tarkibi takshil etildi.

Bu kabi islohotlarni fuqarolar o‘z hayotida sezmoqda, xorijiy ekspertlar muhim qadam sifatida e’tirof etmoqda.

Shu bilan birga, sudlovning ochiqligi va xalqchilligini ta’minlash, raqamlashtirish orqali odamlarga qulaylik yaratish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ko‘p masalalar o‘z yechimini kutmoqda.

Taqdimotda bu boradagi rejalar va ularni amalga oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Odil sudlov sohasini raqamlashtirish maqsadida rivojlangan davlatlarning tajribasi asosida “Raqamli sud” konsepsiyasi ishlab chiqildi va uni izchil amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Bu korrupsiyaning oldini olish, fuqarolar va tadbirkorlarga ovoragarchiliksiz odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan da’volarning katta qismi nizosiz ishlarga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois bunday masalalarni ma’muriy organlar vakolatiga o‘tkazish taklif etilmoqda. Bu fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari muammolarining qisqa muddatda hal etilishini ta’minlaydi.

Yana bir qulaylik – ma’muriy va iqtisodiy sud ishlarini eksterritorial tarzda ko‘rish tartibini joriy etish. Bugungi raqamli texnologiyalar asrida buning imkoni bor.

Adolat va ishonchni ta’minlashda sudyalik lavozimining barqarorligi muhim. Shu maqsadda sudyalikka tayinlash muddatlarini qayta ko‘rib chiqish ko‘zda tutilmoqda.

Barcha yo‘nalishdagi sudlar bo‘yicha mintaqaviy taftish sudlarini tashkil etish, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlardagi taftish instansiyalarini tugatish taklifi bildirildi. Bunda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda faqatgina apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi bo‘lishi, taftish instansiyasi esa 5 ta mintaqaviy sudda tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Yana bir muhim masala – sud tizimi uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishdir. Shu maqsadda Sudyalar oliy maktabini isloh etib, uning negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish konsepsiyasi taqdimot qilindi.

Davlatimiz rahbari bildirilgan takliflarni ma’qullab, tegishli farmonlarni imzoladi. Rejalashtirilgan vazifalar ijrosini tizimli va sifatli ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling