Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 30/10/2024 Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovda ovoz berdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oila a’zolari bilan birgalikda poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berishda ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 128-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekani belgilangan. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlangan.

Saylovda beshta: Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Ekologik partiya, Xalq demokratik partiyasi hamda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi ishtirok etmoqda. Bu muhim voqea “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida, rivojlangan ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tmoqda.

O‘zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazilmoqda. Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya’ni saylovchilar o‘zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berishi yo‘li bilan, qolgan 75 nafari esa proporsional tizim bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

Saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, jamiyat hayotida xotin-qizlarning rolini oshirish maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilandi.

Bu yilgi saylovlarning yana bir e’tiborli jihati – jarayon ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirilgan holda “E-Saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirilganida namoyon bo‘ldi. Mazkur tizim saylovlarning ochiqligini yuqori bosqichga olib chiqdi.

Barcha saylov uchastkalarida qonunchilikda belgilangan sharoitlar yaratilgan. Joylarda 5 ming 770 ta okrug va 11 ming 28 ta, jumladan, 40 ta xorijiy mamlakatda 57 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan.

Uni kuzatishda MDH, SHHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, shuningdek, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi tarkibida 850 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari saylov uchastkasiga kelgan odamlar bilan suhbatlashdi. O‘z yurti va yashayotgan hududi taqdiriga daxldorligini his qilib, saylovlarda faol qatnashayotgan fuqarolarga minnatdorlik bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling