Valyuta kurslari 22/11/2024
$1 – 12844.21
UZS – -0,09%
€1 – 13508.26
UZS – -0,46%
₽1 – 127.35
UZS – -0,63%
Qidirish
O‘zbekiston 20/11/2024 Prezident: Kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 6-7 foizgacha ta’minlash zarur

Prezident: Kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 6-7 foizgacha ta’minlash zarur

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo'lin o'tdi.

Kun tartibidan yangilangan Konstitutsiyamizga muvofiq, ilk bor quyi palatada Bosh vazir lavozimiga nomzod va Hukumatning kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan harakatlar dasturini ko‘rib chiqish masalalari o‘rin olgan.

So‘zining avvalida davlatimiz rahbari mamlakatimiz o‘z oldiga qo‘ygan strategik va joriy vazifalarni amalga oshirishda barcha bo‘g‘indagi ijro organlari, avvalo, Hukumat va uning rahbari zimmasidagi mas’uliyat hozirgi murakkab zamonda har qachongidan ham ortib borayotganini ta’kidladi.

 

Bugun mutlaqo yangi vakolat va vazifalarga ega bo‘lgan Hukumat shakllanayotgani qayd etildi.

Buni Konstitutsiya darajasida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, investitsiya, ekologiya kabi muhim yo‘nalishlarda Vazirlar Mahkamasining majburiyatlari belgilab qo‘yilgani ham tasdiqlaydi.

Xalqimiz bugun ana shunday hal qiluvchi masalalar bo‘yicha yangi Hukumatdan aniq natijalarni kutmoqda.

Asosiy masalaga o‘tishdan oldin Prezidentimiz o‘tgan 5 yilda har tomonlama puxta o‘ylab qabul qilingan dasturlar ijrosi qanday ta’minlangani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2 karra o‘sib, 100 milliard dollarlik tarixiy marradan oshdi. Aholi jon boshiga daromad 3 ming dollarga yetishi kutilmoqda (2018 yilda – 1 ming 600 dollar bo‘lgan).

Xususan, Jahon banki 2024 yilda O‘zbekiston Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiyoti eng tez o‘sayotgan 3 ta davlat qatoridan joy olganini e’tirof etdi.

Kambag‘allik darajasi so‘nggi 4 yilda 23 foizdan 11 foizga tushdi. Bu yil 9 foizga tushishi kutilmoqda.

Eksport qariyb 2 barobar o‘sib, ilk bor 25 milliard dollardan, oltin-valyuta zaxiralarimiz esa 40 milliard dollardan oshdi. O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 6 karra ko‘payib, buning hisobiga 1,5 millionta yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratildi. Yalpi ichki mahsulotda investitsiyalar ulushi 30 foiz darajasida ta’minlandi.

Oldin to‘liq davlat tasarrufida bo‘lgan sohalar, ya’ni, energetika, kimyo, aviatsiya, geologiya, metallurgiya, mashinasozlik, ta’lim va tibbiyotda xususiy sektorga va davlat-xususiy sheriklik munosabatlariga keng yo‘l ochilgani ularning rivojida kuchli omil bo‘lmoqda.

Ayniqsa, energetika sohasida tom ma’noda tarixiy ishlar amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi 1,5 karra o‘sib, 83 milliard kilovatt-soatga yetgani ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

So‘nggi uch yilda umumiy quvvati 2,7 million kilovatt-soat bo‘lgan 10 ta yirik quyosh va shamol stansiyalari ishga tushirildi. Muqobil energiya ulushi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar ko‘paydi.

Prezidentimiz ijtimoiy sohada muhim o‘zgarishlar ro‘y berganini ta’kidladi.

O‘tgan davrda 25 mingdan ziyod xususiy bog‘cha, 70 ga yaqin nodavlat oliygohi tashkil etilib, qamrov maktabgacha ta’limda – 74 foizdan, oliy ta’limda esa – 39 foizdan oshdi.

Ijtimoiy xizmatlar tizimida ham katta islohotlar bo‘lmoqda. Barcha hududlarda “Inson markazlari” ochilib, ijtimoiy xodimlar tomonidan bevosita mahallalarda aholiga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida azmu shijoatli sportchilarimiz chinakam rekord natijalarni

qayd etib, jami 39 ta medal, jumladan 18 ta oltin medalni qo‘lga kiritdilar.

“O‘zbekiston tarixida ilgari hech qachon bo‘lmagan bunday yutuqlar barchamizga yangi kuch-g‘ayrat baxsh etishi tabiiydir”, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident jahon miqyosida hukm surayotgan bugungi o‘ta keskin va og‘ir sharoitda yurtimizda tinchlik va hamjihatlikni saqlab, iqtisodiyotimizda barqaror o‘sishni ta’minlab, mana shunday marralarga erishish oson bo‘lmaganini ta’kidladi.

Kelgusi 5 yilda aholimiz soni 40 milliondan ortishi kutilmoqda. Bunday demografik o‘sish, albatta, katta imkoniyat, lekin, shu bilan birga bu holat oldimizga yangi-yangi, o‘tkir vazifalarni qo‘yishi ham shubhasiz.

Ayniqsa, kambag‘allikni qisqartirish, ekologiya, energetika, transport, yo‘l, ichimlik suvi ta’minoti, aholini uy-joy bilan ta’minlash kabi muhim sohalarda xalqimizning talab va ehtiyojlari tobora o‘sib borayotgani ta’kidlandi.

Shunday dolzarb muammolarga samarali yechimlar topib, yangicha faoliyat olib borish Hukumat uchun jiddiy sinov bo‘lishi tabiiy.

 

Bugun Bosh vazir lavozimiga tavsiya etiladigan nomzod ana shu masalalarning barchasini hisobga olib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘z dasturini taqdim etishi kerakligi qayd etildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yillar uchun katta marralar belgilab olingan.

Xususan, mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.

Dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragan, lekin o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning o‘zida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Yangi Hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotimizdagi o‘zgarishlarni jadal davom ettirsa, 2030 yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 milliard dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirildi.

Bu natijani ta’minlash orqali aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga erishiladi.

“Yana bir bor aytaman, bunday natijalarga erishish uchun kuch va imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!”, - dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish sur’atini 6-7 foiz atrofida ta’minlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.

Ushbu davrda Hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozimligi ta’kidlandi.

Xorijiy turistlar oqimini 5 yilda 15 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish”da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozim. Xususan, kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yanada rag‘batlantirib, onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa bo‘ladi.

Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga albatta a’zo bo‘lib kirishimiz ta’kidlandi.

Bu yil Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tumanlarida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilingan edi.

Endilikda ko‘p qirrali yondashuvlar asosida kambag‘al oilalarning a’zolariga sifatli ta’lim berish, ularni kasbga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, sog‘lig‘ini yaxshilash, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual ko‘mak berish paketlari bo‘lishi belgilandi.

2025 yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Shu maqsadda kambag‘al oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT bo‘yicha bepul bilim olishi uchun 500 milliard so‘m ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi. Bunga 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanadi.

Hukumat 2030 yilgacha ishsizlikni xalqaro e’tirof etilgan daraja – 5-6 foizdan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz iqtisodiyot va aholi daromadlarini o‘stirishda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratish kerakligini qayd etdi.

Vazirlar Mahkamasining investitsiya kompleksi kelgusi yilda iqtisodiyotimiz uchun muhim bo‘lgan 300 dan ziyod yirik loyihani ishga tushirishi va to‘liq quvvatlar bilan ishlashini ta’minlashi zarur.

Jumladan, “Yoshlik-I” konida birinchi bosqichga, “Muruntov” konida esa keyingi bosqichlarga start beriladi. Shuningdek, Samarqandda yiliga 910 ming tonna mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradigan kompleks, 600 ming tonna mahsulot beradigan metallurgiya korxonasi, Zarafshonda kaustik soda zavodi, Nukusda isitish tizimlari ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi.

 

Navoiyda mikro-GESlarni barpo etish bo‘yicha barcha bosqichlar o‘z resurslarimiz asosida tashkil qilingani yurtimizda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solish uchun barcha sharoitlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Shuning uchun, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilinishi belgilandi.

Iqtisodiyotni energiya resurslari bilan ishonchli ta’minlash va energiya samaradorligini 2 karra oshirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Kelgusi besh yilda iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushini 85 foizga yetkazish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi.

Bu borada 2 mingta korxonada davlat ulushini, 5 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektini sotish, 16 ta yirik majmua aksiyalarini IPOga chiqarish talab etiladi.

Hukumat 30 milliard dollarlik xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni ta’minlashi kerak.

Vazirlar Mahkamasi 2025 yilda “tejamkorlik va barqarorlik” tamoyili asosida davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishni tezlashtirib, ularning xarajatlarini 15-20 foizga qisqartirishi zarur.

Bu borada 1 milliard dollarlik 18 ta davlat kompaniyasining ulushi berilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish lozim.

Prezident aholimiz soni ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash eng dolzarb vazifa bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Bu borada qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, avvalo, meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratib, importni 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturlar bor.

Hukumat bu dasturlar ijrosini ta’minlab, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, sohada eksport hajmi 10 milliard dollardan iborat bo‘lishi, suv tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yer maydonlarini 2 karra oshirish bo‘yicha ishni samarali tashkil etishi zarur.

Yangi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilishga 5 trillion so‘m, kanallarni betonlashga 800 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sportni rivojlantirish bo‘yicha katta dasturlarni samarali va to‘liq amalga oshirish – hamisha Hukumatning kun tartibida turishi kerak bo‘lgan asosiy vazifalardir.

Eng avvalo, o‘rtacha umr ko‘rish darajasini 78 yoshga yetkazish uchun birlamchi tibbiy xizmatlarning aholi uchun qulayligi va sifatini oshirish zarur.

Xususan, 2025 yilda birlamchi bo‘g‘inda 3 million 700 ming nafar ayolni skriningdan o‘tkazish, bu jarayonni raqamlashtirish orqali saraton kasalini erta aniqlash ko‘rsatkichini 85 foizga yetkazish mumkinligi ta’kidlandi.

Hukumat mahallalardagi 18 mingta tibbiyot brigadalarini o‘qitish, 884 ming nafar bemorni uy sharoitida reabilitatsiya bilan qamrab olish bo‘yicha yangi tizimni joriy etadi. Shu bilan birga tug‘ruqxonalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 100 million dollar yo‘naltiriladi.

Davlat tibbiy sug‘urtasi va aholiga “kafolatlangan paket” asosida tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi kelgusi uch yilda barcha shahar, tuman va qishloqlar qamrab olinishi zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish kabi masalalar bo‘yicha Hukumat alohida dasturlar ishlab chiqishi lozim.

Majlisda ta’lim sifatini yanada oshirish, yoshlarimizni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan siyosat izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Kelgusi yillarda bog‘chalarda qamrovni 80 foizga, oliygohlarda esa kamida 50 foizga yetkazish Hukumat uchun asosiy vazifa bo‘lib qoladi.

Xalqaro moliya institutlarining 61 million dollar mablag‘lari hisobidan 2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi. Shuningdek, 174 ta bog‘cha va 379 ta maktab ta’mirlanadi va yangitdan quriladi. Bu maqsadlar uchun byudjetdan 4 trillion so‘m ajratiladi.

Tadbirkorlarga maktab qurish uchun 20 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Prezidentimiz aytilgan dolzarb vazifalarni bajarishda yangi Hukumatning Qonunchilik palatasi bilan yanada samarali hamkorlik olib borishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan Vazirlar Mahkamasi oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

 

Avvalambor, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini odamlarga yanada yaqinlashtirish lozim.

Prezident xalq davlat idoralariga emas, aksincha, davlat tashkilotlari xalqqa, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi zarur, degan talab barcha rahbar kadrlar faoliyatining asosiy mezoni ekanini eslatdi.

Qonun qabul qilindimi, u albatta ishlashi, odamlar hayotida sezilarli o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Qonunlar ijrosi Oliy Majlis palatalarining tegishli qo‘mitasi va mas’ul ijro etuvchi organ bilan birgalikda o‘rganib borilishi muhim ahamiyatga ega.

Prezident ta’kidlaganidek, ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni, ularning asoslangan bo‘lishini ta’minlashi lozim.

Keyingi vaqtda qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik bilan maslahat qilishda qonunlarimizda belgilangan talablarga hamisha ham rioya etilmayotganiga e’tiroz bildirildi.

Adliya vazirligiga bir oy muddatda bu masala bo‘yicha takliflarni Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi bilan birga muhokama qilish va Hukumatga kiritish topshirildi.

Hukumatning qonunchilik tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari sifatini oshirish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi.

"Davrning o‘tkir talablariga javob beradigan, sifatli, amaliyotda samarali ishlaydigan qonunlarni qabul qilish Oliy Majlisning eng muhim vazifasi, kerak bo‘lsa, uning obro‘sidir.

Bu borada taniqli xitoy faylasufi Shan Yanning “Yaxshi qonun – xalqqa hurmat ifodasidir”, degan so‘zlarini eslash o‘rinli, deb o‘ylayman. Har bir qonunda shunday hurmat namoyon bo‘lishi kerak. 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin", - dedi Prezident.

Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari deputatlar tomonidan joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda quyi palata qo‘mitalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari lozimligi ta’kidlandi.

Lekin hozirgi vaqtda turli sohalarda nazoratni ta’minlovchi davlat inspeksiyalarning Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois ularning hisobotlarini qo‘mitalarda muhokama qilib borish bo‘yicha yangi, ta’sirchan tizim joriy etish muhimligi ta’kidlandi.

Bu ish samarali bo‘lishi uchun vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosarlarini quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun mas’ul etib biriktirish taklif etildi.

Prezidentimiz parlament va Hukumat o‘rtasidagi munosabat qarama-qarshilikka emas, konstruktiv muloqotga asoslanishi zarurligini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Afsuski, parlament so‘rovi, deputat so‘roviga yuzaki yondashib, unga yengil-yelpi munosabatda bo‘lish holatlari ham uchrab turgani qayd etildi.

Bu borada barcha rahbarlar mas’uliyat va javobgarlikni to‘liq his etishi lozimligi, ushbu masalaga bepisand qarashga hech kimning haqqi yo‘qligi ta’kidlandi. Parlament va deputat so‘rovlariga javob aniq va mazmunli bo‘lishi, so‘rov kimga yo‘llangan bo‘lsa, shaxsan shu rahbar tomonidan javob berilishi shart.

Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish uchun samarali tashqi siyosat olib borish, do‘st va hamkorlarimiz doirasini kengaytirish, yaqin qo‘shnilarimiz bilan mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish o‘ta muhim vazifadir.

Shu maqsadda Prezident Tashqi siyosat konsepsiyasini yangi tahrirda qabul qilish zarurligini ta’kidladi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tashqi siyosatda ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi. Kelgusi yili yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo beshligi” uchrashuvi shu yo‘ldagi yana bir ulkan amaliy qadam bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda fuqarolarimiz Qirg‘izistonga ID karta bilan bemalol borib-kelmoqdalar. Endi shunday tartibni Qozog‘iston va Tojikiston bilan ham joriy etish rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan samarali va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish doimo e’tibor markazida bo‘lishi ta’kidlandi.

 

Prezidentimiz fursatdan foydalanib, bugungi yig‘ilishda ishtirok etayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutladi, islohotlarimizni chin dildan qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, hududlarimizga chiqib, yangilanish va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishib, o‘z davlatlaridagi tajribalar bilan o‘rtoqlashayotgani uchun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi.

Bugun butun dunyo nihoyatda notinch va tahlikali vaziyatda davlatimizning mustaqilligi va suverenitetini, xalqimizning tinch va erkin hayotini eng bebaho boylik sifatida asrash va himoya qilish eng muhim vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

“Hech qachon unutmasligimiz zarur: mamlakatimiz xavfsizligi, yurtimiz mudofaasi nafaqat Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish idoralari, balki O‘zbekistonni o‘zi uchun ona Vatan deb biladigan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha insonlarning muqaddas burchidir.

Buning uchun yagona Vatan, ko‘p millatli yagona ahil oila tuyg‘usi har birimizning qalbimiz, yuragimizdan chuqur joy olishi lozim”, - dedi Prezident.

Dunyoda turli xatar va tahdidlar avj olib borayotgan hozirgi sharoitda Qurolli Kuchlarimizning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga e’tibor yanada kuchaytirilishi belgilandi.

Yoshlarimiz ongu tafakkurida milliy g‘urur bilan birga umumbashariy qadriyatlarga hurmat hissini kamol toptirish maqsadida yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish zarurligi qayd etildi.

Farzandlarimizni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, IT texnologiyalar, ma’naviyat, san’at va adabiyot, sport bilan oshno etish uchun hech narsani ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.

“Bugun faqat mana shunday ilg‘or yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yo‘lida birlashgan xalqqa ega bo‘lgan davlatgina o‘z milliy manfaatlarini ta’minlashga erisha oladi.

Bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – ma’naviyatdir. Ma’naviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi”,

- dedi davlatimiz rahbari.

Ayni vaqtda jamiyatimizdagi ochiqlik va erkinlik muhitini, millatlar va dinlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligi, vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha boshlangan ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.

Prezident Yangi O‘zbekistonimiz yangi parlamenti bilan birga o‘z taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga qadam qo‘yayotganini ta’kidladi. Bu yangi davrda kechagi talab va mezonlar bilan, eskicha ishlab bo‘lmasligi qayd etildi.

Shu bois Hukumat o‘z faoliyatini mutlaqo yangicha asosda tashkil etishi kerak, buning uchun unga kuchli rahbar, ya’ni, Bosh vazir zarur.

Davlatimiz rahbari bu masalani atroflicha o‘ylab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini ko‘rsatishga qaror qilganini aytdi.

Abdulla Aripov katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan, ijro hokimiyati tizimida boy bilim va tajriba orttirgan, mas’uliyatni doimo chuqur his etadigan rahbar ekani ta’kidlandi.

Ushbu nomzod bugun Hukumat oldiga qo‘yilgan, ko‘lami va miqyosi benihoya katta bo‘lgan muhim vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil qilishi, Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlarini birlashtirib, yagona maqsad sari safarbar eta olishiga ishonch bildirildi.

Prezidentimiz Abdulla Aripov nomzodini deputatlar muhokamasiga taqdim etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Bosh vazir lavozimiga ko‘rsatilgan Abdulla Aripov nomzodini ko‘rib chiqdilar.

Nomzod Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini taqdim etdi.

Deputatlar va fraksiyalar rahbarlari so‘zga chiqib, nomzod va dastur yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdilar.

Nomzod va Hukumatning dasturi ko‘rib chiqilgach, Bosh vazir lavozimiga nomzodni ma’qullash masalasi ovoz berishga qo‘yildi.

Yashirin ovoz berish yo‘li bilan deputatlar Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga ma’qulladilar.

Prezidentimiz so‘zining davomida bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini qayd etdi.

 

Havo va suvning ifloslanishi, tuproq erroziyasi, cho‘llanish, qazilma yoqilg‘ilarni behisob ishlatish global isishga, tabiiy ofatlarning ko‘payishiga olib kelmoqda, atrof-muhit va aholi sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda.

Bunga javoban mamlakatimizda uch yil avval “Yashil makon” umummilliy loyihasi boshlandi. Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Poytaxtimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan bu borada qabul qilingan ikkita muhim rezolyutsiyaning tashabbuskori bo‘ldi. Ayni vaqtda “yashil” energetika iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga aylanmoqda.

El-yurtimizning fikr-mulohazalari, xohish-istaklarini atroflicha o‘rganib, bildirilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, bu boradagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida Prezidentimiz 2025 yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Yig‘ilganlar ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladilar.

Hukumat yil nomida belgilangan eng muhim vazifalar bo‘yicha davlat dasturini ishlab chiqishi belgilandi.

Ushbu dasturda “yashil” texnologiyalarni joriy etish, suvni tejash, ko‘kalamzor hududlarni keskin ko‘paytirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, chiqindilar muammosini hal qilish, eng muhimi, aholi salomatligini mustahkamlash kabi masalalar ustuvor ahamiyat kasb etishi zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari yangi davr Yangi O‘zbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot cho‘qqilarini zabt etadigan davr bo‘lishiga ishonch bildirdi.

“Bu davr parlament va Hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish bo‘yicha ibratli an’analar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr bo‘ladi. Kelajak avlodlar albatta faxr bilan tilga oladigan ana shunday buyuk tarix va kelajakni yaratish bizning o‘z qo‘limizda”, - dedi Prezident.

Prezident keyingi uch kun mobaynida Oliy Majlis a’zolari, keng jamoatchilik bilan mamlakatimizning bugungi va ertangi taraqqiyoti haqida atroflicha fikr almashilganiga e’tibor qaratdi.

“2024 yilda – “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da bajargan ishlarimizga yakun yasadik. Parlamentimizda – “Xalq uyi”da deputatlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus va rejalarni, ularda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalarni, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnoma desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Siz, hurmatli deputatlar va Hukumatimiz a’zolari, kattayu kichik barcha rahbarlar mana shu Murojaatnomada belgilab berilgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda fidoyilik va namuna ko‘rsatib mehnat qilasizlar, deb ishonaman”, - dedi Prezident so‘zining yakunida.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling