Parkent tumanida “Uzum sayli” xalqaro festivali yakunlandi, g‘oliblar e’lon qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 22-23-avgust kunlari Turizm qo‘mitasi hamda Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida Parkent tumanida o‘tkazilgan “Uzum sayli” xalqaro festivali yakunlanib, festivalda eng yaxshi ishtirokchilar bir qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Xususan, “Uzumchilik borasidagi ilg‘or ilmiy yondashuvi”, “Uzumchilikda innovatsiyalarni qo‘llagan ilg‘or fermer”, “Faol ishtiroki uchun”, “Uzumchilik an’analarini saqlab qolgan fermer”, “Eng ko‘p muxlislarni jalb qilgan pavilyon”, “Milliy hunarmandchilik an’analari davomchisi” va shu kabi turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Festivalda 1-o‘rin viloyatlar o‘rtasida Jizzax viloyatiga, tuman va shaharlar o‘rtasida esa Yuqori Chirchiq tumaniga nasib etib, mukofotlar topshirildi.
Festivalda O‘zbekistonda uzumchilik va vino sanoatida faoliyat yuritayotgan soha vakillari, Indoneziya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyandalari ishtirok etishdi.
Festival doirasida qishloq xo‘jaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari ko‘rgazmalari, uzumchilik yo‘nalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar tashkil etildi. “Uzum sayli”ning madaniy qismida esa milliy folklor jamoalari, estrada san’atkorlari chiqishlari, nominatsiyalar bo‘yicha respublika ko‘rik-tanlovlari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy taomlar va liboslar hamda xalq urf-odatlari va an’analarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari o‘tkazildi.