“O‘zeltexsanoat” Xitoy kompaniyalari bilan O‘zbekistonda displey ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga ishchi tashrifi doirasida 2025-yilgi “Shanghai International Display Innovation Expo” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Ushbu ko‘rgazma displey texnologiyalari sohasidagi ilg‘or ishlanmalar va hamkorlik imkoniyatlarini namoyish etuvchi yetakchi xalqaro maydon hisoblanadi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Xitoyning optoelektronika sanoati vakillari, jumladan KODA – Xitoy optoelektronikachilar uyushmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilib, O‘zbekistonda displey panellarini ishlab chiqarish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida displey va elektron komponentlar ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyalar – TCL va HKC bilan birlamchi muzokaralar olib borildi. Potensial investitsiya loyihalari va texnologik transfer bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur tashrif elektrotexnika sanoatida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan istiqbolli tashabbus bo‘lishi kutilmoqda.