“O‘zeltexsanoat” va “R-Klimat” O‘zbekistonda isitish va sovutish tizimlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tomonidan O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi hamda Savdo vakolatxonasi ko‘magida Rossiyaning yirik issiqlik va sovutish tizimlari importchisi va ishlab chiqaruvchisi sanalgan “R-Klimat” kompaniyasiga tashrif uyushtirildi.
Tashrif chog‘ida kompaniyaning Biznesni rivojlantirish direktori Valentin Salomin va Moliya direktori Aleksandr Danilchenko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda sovutish va isitish tizimlari bo‘yicha O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni OEM va ODM asosida ishlab chiqarib, Rossiya bozoriga yetkazib berish bo‘yicha takliflar bildirildi.
“R-Klimat” kompaniyasi – 2024 yilda Rossiyaga jami qiymati 122 mln dollarlik sovutish va isitish tizimlari, mis mahsulotlari import qilgan. Balu, Electrolux brendlari (litsenziya) ostida Rossiya bozorida mahsulot sotadi.
Shuningdek, uchrashuvda “Sam Ferre” MCHJ hamda “Texnopark” MCHJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etilib, kompaniya vakillariga hamkorlik takliflari taqdim etildi.