O‘zbekistonning yangi turizm elchisi mamlakatni xalqaro maydonda targ‘ib qiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimizning turizm salohiyatini chet elda faol targ‘ib etish maqsadida Turizm qo‘mitasi ko‘magida Benilyuks mamlakatlarida O‘zbekistonning turizm bo‘yicha faxriy elchisi tayinlandi. Bu vazifani Bryussel Matbuot klubi prezidenti, "Travel Tomorrow" media kompaniyasi rahbari Antonio Buskardini bajaradi.
Tayinlov sertifikati unga so‘nggi 40 yil ichida birinchi marta Parijda emas, balki tarixiy Samarqandda o‘tkaziladigan YUNESKOning Bosh konferensiyasi 43-sessiyasiga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan tadbir davomida topshirildi. Uning faoliyati media loyihalar, madaniy tashabbuslar va xalqaro aloqalarni rivojlantirish orqali O‘zbekiston nufuzini oshirishga qaratiladi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda turizm sohasi jadal rivojlanayotgani, bunga Turizm qo‘mitasining hissasi alohida ta’kidlandi. Xususan, Samarqandni 2023-yilda "Jahon madaniy turizm poytaxti" deb tan olingani, aeroportlarning zamonaviylashtirilayotgani, madaniy, ziyorat, ekologik va gastronomik turizmning faol rivojlanayotgani qayd etildi. Yevropa turoperatorlari, jumladan, Benilyuks mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilariga 400 milliondan ortiq auditoriyaga ega bo‘lgan TV5Monde telekanali uchun tayyorlangan "Embarquement: Samarkand" nomli hujjatli film namoyish etildi.