Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 20/06/2025 O'zbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYdagi vakili tayinlandi

O'zbekistonning Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYdagi vakili tayinlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Antaliya shahrida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi Hukumatlararo komissiyaning madaniyat sohasi bo'yicha qo'mitasining ikkinchi majlisi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda O'zbekiston delegatsiyasiga madaniyat vaziri o'rinbosari Murodjon Madjidov, Turkiya tomonidan esa madaniyat va turizm vaziri o'rinbosari Batuxan Mumju rahbarlik qildi.

Majlisda madaniyat sohasidagi ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Mamlakatimizda Turkiya madaniyati kunlarini o'tkazish, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi ochilish marosimida Turkiya tomonining ishtirokini ta'minlash, xususan, Toshkentda Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasi eksponatlari namoyishini tashkil etish, madaniy ta'lim va kreativ iqtisodiyot sohasida tajriba almashish, buyuk turkiy ulamolar va tarixiy shaxslar haqida videofilm va teleseriallar suratga olish, Turkiya arxivlari va kutubxonalarida saqlanayotgan O'zbekiston tarixiga oid ilmiy va madaniy merosni o'rganish, ularning faksimil nusxalarini olish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

O'zbekiston Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros instituti hamda Turkiyaning tegishli ilmiy muassasalari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri hamkorlikni yo'lga qo'yishning muhimligi qayd etildi.

Majlis yakunida tomonlar davlatlar o'rtasidagi madaniy hamkorlikni yana-da yuqori darajaga olib chiqish, turkiy dunyo madaniyatini xalqaro miqyosda targ'ib etish va yosh avlodga boy madaniy qadriyatlarni yetkazish bo'yicha birgalikdagi harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

 O'zbekiston delegatsiyasi tashrifi davomida, shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY)ning Anqaradagi bosh qarorgohida mamlakatimizning mazkur tashkilotdagi vakili etib tayinlangan Shavkatjon Ortiqovning rasmiy taqdimoti bo'lib o'tdi.

TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev O'zbekistonning turkiy dunyo madaniy merosi va tarixida tutgan o'rniga yuqori baho berdi. U mamlakatimiz bilan olib borilayotgan hamkorlik yil sayin mustahkamlanayotganini, xususan so'nggi yillarda amalga oshirilayotgan qo'shma madaniy loyihalar soni ortib borayotganini ta'kidladi.

"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat doirasida turkiy dunyo bilan madaniy hamkorlik ustuvor yo'nalishga aylandi. O'zbekiston vakilining TURKSOYda rasmiy faoliyat boshlagani, tashkilotning to'laqonli xalqaro platformaga aylangani va turkiy xalqlar o'rtasidagi tarixiy, ma'naviy hamda madaniy umumiylikni mustahkamlashga xizmat qiladi", dedi u.

Mazkur tayinlov bilan O'zbekistonning TURKSOYdagi ishtiroki yangi bosqichga ko'tarildi va mamlakatimizning turkiy madaniy makondagi faol ishtiroki yana-da kuchaydi. Bu esa nafaqat O'zbekistonning madaniy diplomatiyasi imkoniyatlarini kengaytiradi, balki turkiy xalqlar o'rtasidagi birdamlik va hamjihatlikni ham mustahkamlaydi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling