O‘zbekistonning besh nafar bokschisi Liverpuldagi jahon chempionatining navbatdagi bosqichiga yo‘l oldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Liverpulda bo‘lib o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon chempionatining uchinchi kunida O‘zbekistonning besh nafar vakili ringga ko‘tarildi va ularning barchasi o‘z janglarini g‘alaba bilan yakunladi.
Vazni 51 kilogrammgacha bo‘lgan bahsda Feruza Kazakova panamalik sportchi Yuliyett Xinestrozani 5:0 hisobida ishonchli mag‘lub etdi va navbatdagi jangini 9 sentyabr kuni o‘tkazadi.
Shavkatjon Boltayev ham keyingi bosqichda. Bokschimiz -70 kg vaznda Shvetsiya vakili Kevin Skottni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. U endi 8 sentyabr kuni navbatdagi uchrashuvini o‘tkazadi.
Sitora Turdibekova -60 kg ukrainalik sportchi Tetiana Dovxalga qarshi kechgan jangda 4:1 hisobida zafar quchdi.
+80 kg vaznda bo‘lib o‘tgan bahsda, Oltinoy Sotimboyeva ukrainalik Maria Lovchinskani qiyinchiliksiz mag‘lub etdi. 5:0. Bokschimiz keyingi bahsini chorak finalda 10 sentyabr kuni hindistonlik Nupurga qarshi o‘tkazadi.
Abdumalik Xalokov -60 kg vaznda bo‘lib o‘tgan bahsda, turkiyalik Mehmetxan Chinarni katta ustunlik bilan mag‘lub etdi. 5:0. Chempionimizning keyingi bahsi 8 sentyabrga to‘g‘ri keladi.