O‘zbekistonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili YeXHT elchisi bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev amaldagi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Raisining Maxsus elchisi Terri Hakala bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar Afg‘oniston masalasida hamkorlikning hozirgi bosqichini muhokama qildilar. Shu bilan birga, afg‘on muammosini tinchlik yo‘lidagi sa’y-harakatlar orqali hal etishda muntazam muloqotni davom ettirishga o‘zaro intilish qayd etildi.
Terri Hakala O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasida yagona mintaqaviy yondashuvni shakllantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.
Shuningdek, uchrashuvda Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, mazkur mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tdi va O‘zbekiston hamda YeXHT o‘rtasida amaliy muloqotni yanada rivojlantirishga bo‘lgan o‘zaro intilish tasdiqlandi.