O‘zbekistonga «Vatanga qaytish» aksiyasi doirasida 621 nafar fuqaro qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Vatanga qaytish» xayriya aksiyasi doirasida murakkab hayotiy sharoitda qolgan 621 nafar O‘zbekiston fuqarosi yurtga qaytarildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xabar berdi.
Aksiya jahonning odam savdosiga qarshi kurash kuniga bag‘ishlanib, 30 iyuldan 30 avgustga qadar o‘tkazilmoqda. 18 avgust holatiga ko‘ra agentlikka 2045 ta murojaat kelib tushgan: 1406 fuqaroga huquqiy maslahat va tushuntirishlar berilgan, 639 nafar kishi esa vatanga qaytish uchun ariza topshirgan.
Qaytarilganlar orasida 326 ayol va 295 erkak, jumladan 189 nafar nobolig‘ bor.
Fuqarolar quyidagi davlatlardan olib kelindi: Rossiya — 460 nafar, Turkiya — 71, AQSH — 56, Qozog‘iston — 17, Janubiy Koreya — 4, Hindiston — 3, Yaponiya — 3, Polsha — 3, Misr — 2, Qirg‘iziston — 1, Saudiya Arabistoni — 1.
Migratsiya fondidan bu maqsadlar uchun 2,08 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Aksiya Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Fuqarolar xorijdagi Migratsiya agentligi vakolatxonalariga, O‘zbekistonning diplomatik va konsullik muassasalariga, shuningdek @huquqiyyordamuzbot yoki qisqa 12−82 raqami orqali murojaat qilishi mumkin.