O‘zbekistonda yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport imkoniyatlari va to‘qimachilik tarmog‘ining zaxiralaridan foydalanishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, jahon savdo qoidalaridagi tezkor o‘zgarishlar va logistikadagi uzilishlar sharoitida to‘qimachilik sohasini rivojlantirishga maxsus yondashuv zarur. Yangi agentlik to‘qimachilik, charm va ipak sanoatini qo‘lga oladi.
Vazirlikning birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmuradov agentlik rahbari etib tayinlandi.
Agentlik huzurida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash, shuningdek, yengil sanoat korxonalariga davlat yordami va arzon aylanma mablag‘lar taqdim etish uchun maxsus jamg‘arma tashkil etiladi.
Jamg‘arma shakllantirish uchun 200 million dollar ajratilgan.
Yangi agentlikka kengash va tadbirkorlar bilan hamkorlikda doimiy muloqot olib borish, mahsulot tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
“Bojxona hududida qayta ishlash” tartibini qo‘llash orqali tayyor mahsulot eksportini ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, kooperatsiyani kuchaytirish va quvvati past korxonalarni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda to‘qimachilik sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish dasturini ishlab chiqish, shuningdek, charm, ipak va gilamchilik sanoatini rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi.