Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda birja savdolarida valyutali obligatsiyalarni muomalaga kiritish va mahalliy hamda xorijiy investorlar uchun «regulyatorlik maydonchasi»ning amal qilish doirasini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Tegishli qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston birjalarida valyutali obligatsiyalarni chiqarish va ularni muomalaga kiritish uchun ixtisoslashtirilgan platformalar tashkil etilishi taklif qilinmoqda.
Ushbu obligatsiyalar emitenti sifatida mamlakat rezidentlari ham, norezidentlari ham ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, yuridik shaxslarga qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun valyuta xarid qilishga ruxsat beriladi.
Qonun loyihasida «regulyatorlik maydonchasi» rejimi amal qilish muddatini cheklanmas holda uzaytirish nazarda tutilgan. Bu dasturda so‘nggi ikki yilda defolt holatlari kuzatilmagan va nazorat organlari tomonidan jazoga tortilmagan mahalliy kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.
«Regulyatorlik maydonchasi» doirasida mahalliy va xorijiy ishtirokchilar xalqaro kompaniyalar obligatsiyalariga, davlat obligatsiyalariga va birja fondlariga (ETF) sarmoya kiritish imkoniga ega bo‘ladilar. Shuningdek, xalqaro moliyaviy muassasalarga so‘mda obligatsiya chiqarish huquqi beriladi.
Loyihaga ko‘ra, 2025-yilning 1-mayigacha investitsiya fondlari, jumladan birja va ko‘chmas mulk fondlari faoliyatini tartibga soluvchi hujjat ishlab chiqilishi lozim.
Qonun loyihasini muhokama qilish 28-yanvargacha davom etadi, va O‘zbekiston fuqarolari o‘z taklif va mulohazalarini yo‘llashlari mumkin.