Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
Moliya 12/07/2025 O‘zbekistonda soliq nizolarini sudgacha hal etish mexanizmlari takomillashtirilmoqda

O‘zbekistonda soliq nizolarini sudgacha hal etish mexanizmlari takomillashtirilmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Soliq nizolarini sudgacha hal etish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Ushbu hujjat tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari o‘rtasida yuzaga keladigan soliq nizolarini hal etishda vaqt va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan.

Qarorga muvofiq, Savdo-sanoat palatasi huzurida Soliq nizolari bo‘yicha ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda. Uning tarkibiga soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq sohasidagi mutaxassislar kiritiladi.

Kengashning asosiy vazifalari — soliq nizolarini ko‘rib chiqish, xulosalar berish, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ladi.

Bundan tashqari, ekspertlar kengashi biznes hamjamiyati, davlat organlari va ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

Kengash doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ sifatida tashkil etiladi. Uning ishchi organi sifatida Savdo-sanoat palatasi belgilandi. Kengash majlislari kamida oyda ikki marta o‘tkazilishi belgilangan.

Kengashga soliq organlari qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish huquqi berilgan. Ammo bu huquq jinoyat ishi doirasida yoki sudda ko‘rilayotgan masalalarga taalluqli emas.

Kengash tomonidan qabul qilingan xulosalar majburiy tarzda soliq, bojxona va boshqa davlat organlariga yuboriladi hamda tadbirkorlarga maʼlum qilinadi.

Kengash mutaxassis va ekspertlarni, tegishli sohalarda zarur bilim va tajribaga ega bo‘lgan shaxslarni jalb etish huquqiga ega. Ularga to‘lov tartibi Savdo-sanoat palatasi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, kengash davlat organlari va boshqa tashkilotlardan (qonunchilik bilan cheklanmagan hollarda) zarur hujjat va maʼlumotlarni bepul talab qilish huquqiga ham ega.

Savdo-sanoat palatasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ikki oy muddatda Kengash faoliyatini tashkil etish, soliq nizolarini sudgacha hal etishning afzalliklari haqida tushuntirish ishlarini olib borish, chora-tadbirlarning choraklik reja-jadvalini tasdiqlash va Kengash to‘g‘risidagi Nizom loyihasini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish topshirildi.

Bundan tashqari, kengashda ko‘rib chiqilgan soliq nizolari natijalarini har chorakda umumlashtirish, davlat organlari va keng jamoatchilikka takrorlanuvchi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar to‘g‘risida axborot berish belgilandi.

Soliq qo‘mitasiga soliq nizolarini sudgacha ko‘rib chiqish jarayonlarini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron axborot almashinuvini rivojlantirish, onlayn majlislarda qatnashish imkoniyatini yaratish, soliq to‘lovchilar va ularning vakillari uchun maxsus xonalarni tashkil etish vazifalari yuklatildi.

Kengash tarkibiga Savdo-sanoat palatasi, davlat organlari, Toshkent xalqaro arbitraji va boshqa tashkilotlar vakillari kiritildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling