Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Rossiyaning to‘qqizta IT-kompaniyasi ishtirokida biznes-missiya bo‘lib o‘tdi.
Tashrif Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi.
Tadbir doirasida o‘n ikki uchrashuv o‘tkazilib, rossiyalik mutaxassislar respublikadagi ehtimoliy hamkorlar bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Savdo vakolatxonasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ishtirokchilar o‘z dasturiy yechimlarini taqdim etib, professional tajriba bilan o‘rtoqlashdilar va xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar haqida gapirdilar.
O‘zbekistonlik hamkorlarda xodimlar samaradorligini monitoring qilish, muhandislik dasturiy ta’minoti hamda elektron tijorat uchun IT-yechimlar bo‘yicha ishlanmalar alohida qiziqish uyg‘otdi.
Biznes-missiyaning asosiy natijalaridan biri Rossiyaning dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilarining notijorat hamkorligi («NP RUSSOFT») va O‘zbekiston IT-parki o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi bo‘ldi.
Hujjat ikki davlat IT-kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma korxonalar tashkil etish va axborot texnologiyalari hamda biznes-xizmatlar sohasida loyihalarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.